Adliya vazirligi huzurida notariat sohasida Ekspertlik komissiyasi tashkil qilindi
Illyustrativ foto
Mamlakatimiz notariat sohasidagi mavjud muammolar hech kimga sir emas. Buni nafaqat notariusga ishi tushganlar, balki ishi tushmaganlar ham kunda-kunora ijtimoiy tarmoqlar, OAVning rasmiy saytlarida yozilayotgan maqolalaru norozilik kayfiyatidagi postlar orqali yaxshi bilishadi. Xullas, “alvon gap” bilan aytganda, sohada izchil islohotlar amalga oshirilishi zarurligini zamonning oʻzi koʻrsatayotgan edi.
Adliya vazirligi ana shu muammolarga yechim topish maqsadida vazirlik huzurida notariat sohasida Ekspertlik komissiyasini tashkil qilibdi. Bu haqda Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi tarqatgan xabarnomada maʼlum qilingan. Unda, jumladan, shunday deyiladi:
“Bugungi kunda aholiga koʻrsatilayotgan notarial xizmatlarning sifati va tezkorligining past darajadaligi, notarial idoralardagi uzundan-uzun navbatlar, notarial harakatlarni bajarishdagi amaliyotdagi muammolar, mavjud byurokratik toʻsiq va gʻovlar aholining ushbu tizimga boʻlgan ishonchini pasaytirmoqda.
Shunga koʻra, amaliyotdagi mavjud muammolarni bartaraf etish va notariat tizimini zamon talablariga mos keladigan sohaga aylantirish maqsadida Adliya vazirligi huzurida notariat sohasida yagona amaliyotni shakllantirish boʻyicha Ekspertlik komissiyasi tashkil qilindi.
Ekspertlik komissiyasi tarkibi jamoatchilik asosida faoliyat koʻrsatuvchi 7 nafar aʼzodan iborat boʻlib, uning tarkibiga huquq sohasidagi yetakchi mutaxassis-olimlar, tajribali notariuslar va Adliya vazirligining masʼul xodimlari kiritildi.
Komissiyaga notarial harakatlarni amalga oshirishda joylardagi mavjud muammolarni aniqlash va ularni qonuniy hal qilish, sohada bir xil amaliyotni taʼminlash, qonun hujjatlaridagi huquqiy nuqsonlarni, korrupsiyaga, boshqa huquqbuzarliklarni sodir etishga, fuqarolardan ortiqcha hujjatlar talab qilishga, ularni turli xil ovora-sarson qilishga shart-sharoit yaratuvchi qoidalar hamda normalarni bartaraf etish yuzasidan qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Bundan tashqari, komissiyaga notarial harakatlarni bajarish uchun taqdim qilinadigan hujjat turlarini tubdan qisqartirish, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligining oldini olish maqsadida notarial harakatlarni bajarish uchun zarur boʻlgan barcha hujjatni elektron tizim orqali olish hamda qonunchilikda notarial tasdiqlash majburiy talab etiladigan bitim va hujjatlarning turlarini qisqartirishning qonuniy yoʻllarini izlab topish vazifalari topshirildi.
Ekspertlik komissiyasining tashkil qilinishi kelgusida notariat sohasida amaliyotdagi muammolarni qonuniy hal qilish, bir xillikni taʼminlash yoʻli bilan jismoniy va yuridik shaxslarga sifatli huquqiy xizmat koʻrsatishda muhim oʻrin tutadi”.
Yaxshi xabar. Ishonamizki, aytilgan gaplar qogʻozda qolib ketmaydi. Tizim chinakamiga oʻzgaradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring