Adliya vazirligi: Davlat organlarida davlat tilida ish yuritish fuqarolar huquqini poymol qilmaydi
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishga doir qonunchilik talablariga rioya etmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik kiritish toʻgʻrisida qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qoʻydi.
Qonun loyihasi mazmuniga oid asossiz maʼlumotlar tarqatish, ayrim ijtimoiy tarmoqlar va yangiliklar saytlarida uning meʼyorlarini notoʻgʻri talqin qilishga boʻlgan urinishlarni hisobga olgan holda vazirlik mazkur loyihaga doir xolis va asosli maʼlumotlarga jamoatchilik diqqatini qaratishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.
Birinchidan, amaldagi “Davlat tili haqida”gi Qonunning 9-moddasiga koʻra, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinishi taʼminlanadi.
Loyihada qandaydir talablar kengaytirilib, tildan foydalanishda yangi cheklovlar kiritilmayapti, faqatgina amaldagi qonunning qoida va talablari hisobga olingan.
Ikkinchidan, qonun loyihasi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini qamrab olib, qonun qabul qilingan taqdirda tegishli ravishda maʼmuriy javobgarlik faqatgina mazkur davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslariga nisbatan qoʻllanilishi mumkin.
Qonun loyihasi mansabdor shaxslarning qonun talablariga rioya etishi boʻyicha masʼuliyatini oshirish, davlat organlari va tashkilotlari ishida davlat tilidan toʻlaqonli foydalanilishini taʼminlashga qaratilgan.
Uchinchidan, qonun loyihasi hech qanday yoʻl bilan respublika hududida istiqomat qilayotgan millat va elatlarning ona tilidan foydalanish, millatlararo muloqot va taʼlim olish tilini oʻz xohishiga qarab tanlash, oʻz tilida davlat organlari va tashkilotlariga murojaat qilishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini poymol qilmaydi.
Toʻrtinchidan, mazkur qonun loyihasi regulation.gov.uz portalida jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan. Har bir fuqaro oʻz fikr va takliflarini maxsus platformada bayon etishi mumkin.
Yuqorida bayon etilganlarni hisobga olgan holda Adliya vazirligi OAV, blogerlar, shuningdek boshqa manfaatdor shaxslarni loyihani oʻzlaricha talqin qilib, jamoatchilik fikrini notoʻgʻri oʻzanga burishga harakat qilmasliklarini, Oʻzbekiston jamoatchiligi oldidagi javobgarlikni unutmaslikka daʼvat etadi.
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring