Adliya va xalq yaqinligi
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan Samarqand viloyatida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Tadbir “Adliya kuni” loyihasi bilan boshlandi. Kattaqoʻrgʻon shahar “Navbahor” mahallasida tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda sayyor qabul tashkil etildi. Fuqarolarning huquqiy muammolarini qabul qilish asnosida adliya organlari masʼullari va davlat tashkilotlari vakillari ishtirokida sayyor huquqiy xizmatlar koʻrsatildi. Kattaqoʻrgʻon shahar va Kattaqoʻrgʻon tumanida adliya organlarining aholi muammolari bilan ishlashda “fuqaro – mahalla – adliya” tizimi samarasi oʻrganildi.
Shuningdek, adliya boʻlimi tomonidan “Mahalla huquqshunosi” loyihasi doirasida mahalla raislari hamda “mahalla yettiligi” uchun seminar oʻtkazildi. “Huquqiy koʻmak” aksiyasi yoʻlga qoʻyilib, Kattaqoʻrgʻon tumani “Oyjon” mahallasidagi fuqarolarning muammolariga yechim topildi.
“Nisbat” mahalla binosida joylashgan interaktiv infokiosk qulayliklari tanishtirildi. Ayni paytda ushbu mahallada 3500 nafardan ortiq fuqaro istiqomat qiladi. Tuman markazidan 15 kilometr uzoqlikda joylashgan mahalla vakillari mazkur qurilma orqali 40 dan ortiq davlat xizmatlaridan foydalanadi.
— Bugungi kunda aholi muammolarini hal etish boʻyicha Samarqand tajribasi asosida adliya boʻlimlari tomonidan viloyatdagi 153 ta mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi 1000 dan ortiq xonadonlarga uyma-uy kirilib, 220 dan ziyod huquqiy muammolar aniqlandi, — deydi Samarqand viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi birinchi oʻrinbosari Ozodjon Shodiqulov. — Uyma-uy yurish davomida fuqarolarga “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan shaxslarga bepul birlamchi yuridik yordam koʻrsatildi. 1074 ta huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi. Xususan, 239 ta fuqaroga huquqiy hujjat loyihalari tayyorlab berilib, joylarda 1,5 mingdan ortiq sayyor davlat xizmatlari koʻrsatildi. Sudlarga 273 million soʻmlik daʼvo arizalari kiritildi. Taqdimnomalar asosida 267 million soʻmlik toʻlovlar undirib berilishi taʼminlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring