“Adliya xodimi qanday ishlaydi?”
Davlat idoralari va tashkilotlarining ochiqligi hamda shaffofligini taʼminlash, shuningdek, Prezidentning besh tashabbusini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Adliya vazirligi anʼanaviy ochiq eshiklar kuni doirasida “Family day” loyihasini amalga oshirdi.
Loyiha doirasida vazirlik xodimlarining oila aʼzolari, farzandlari Adliya vazirligi Markaziy apparati joylashgan binoga kelishdi. Mehmonlar uchun vazirlik binosiga ekskursiya tashkil etildi. Bolajonlar ota-onalarining ish oʻrinlariga oʻtirib, “Adliya xodimi qanday ishlaydi?” degan savolga javob topdilar.
Shuningdek, bolajonlar vazirlik hududida joylashgan “Adliya organlari tarixi” muzeyini ham tomosha qilib, Oʻzbekiston adliya tizimi tarixi bilan yaqindan tanishdilar.

Tadbirda bolajonlarning vazirlik rahbariyati bilan uchrashuvi ham boʻlib oʻtdi. Samimiy va koʻtarinki ruhda oʻtgan uchrashuvda yosh avlod vazirga oʻzlarini qiziqtirgan savollarni berdilar, adliya organlari va huquqshunoslik haqida koʻplab yangi maʼlumotlarni bilib oldilar.
Tadbir doirasida taniqli sanʼat va sport yulduzlari bilan uchrashuvlar ham tashkil etildi. Taniqli shaxslar oʻz muvaffaqiyatlari sirini va hayotiy tajribalarini bolajonlarga soʻzlab berdilar.
Bayram turli interaktiv oʻyinlar, intellektual viktorinalar bilan yanada boy mazmun kasb etdi. Viktorina gʻoliblariga vazirlikning esdalik sovgʻalari topshirildi.
“Family day” loyihasi yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda adolat, tartib, qonun tushunchalariga yaqinlikni paydo qilish, shuningdek, huquq sohasiga qiziqish uygʻotish maqsadida tashkil etildi. Tadbir yakunida ushbu maqsadlarga toʻliq erishilgani bolalarning koʻtarinki kayfiyati va boy taassurotlarida oʻz aksini topdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring