Adabiyot — maʼnaviyat dasturxoni
Adabiyot – soʻz sanʼati sifatida qitʼalarni qitʼalarga bogʻlovchi benazir va bebaho maʼnaviyat dasturxoni. Prezidentimizning “Adabiyot va sanʼat, maʼnaviyatni rivojlantirish – xalqimiz maʼnaviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir” mavzusida Oʻzbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvdagi maʼruzasida badiiy madaniyat va istiqlol mafkurasi, ijtimoiy gʻoya va ijodkor nuqtayi nazari, adabiyot-sanʼatning xalq, Vatan oldidagi burchi, isteʼdodning millat, jamiyat kamolidagi masʼuliyati, ijod erkinligi va maʼnaviyat, hayot haqiqati va zamonamiz qahramoni, adabiyotning tarix, falsafa, sanʼat, ilm-fan, kino, teatr, taʼlim-tarbiya bilan bogʻliq masalalari xususida teran va ohorli fikr-mulohazalar bildirdi. Badiiy-estetik tafakkurning olis moziy voqeligini, buyuk ajdodlarimiz kechmishi va taqdirini yoritish, zamondoshlarimiz obrazini gavdalantirish, yoshlarni yuksak olijanob ideallar, bashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan yorqin hayot manzaralarini aks ettirish yuzasidan gʻoyat dolzarb vazifalarni belgilab berdi.
Millatning estetik saviyasini yuksaltirishga, xalqning maʼnaviy talab-ehtiyojlarini taʼminlovchi badiiy barkamol asarlar yaratishga undadi. “Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulugʻ ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz, buyuk adabiyotimiz va sanʼatimiz ham albatta boʻladi”.
Yurtboshimiz gʻurur-iftixor soʻzlarida adabiyot – soʻz sanʼatining ijtimoiy-estetik ideali omuxtalashgan. Quruq qoshiq ogʻiz yirtadi, deydi xalqimiz. Har qanday harakat, intilish gʻayrat-maqsadga qarab amal topadi. Ezgu niyat barakot bogʻlarini bunyod etadi. Bu – bir necha avlodning maʼnaviy-aqliy, ijodiy safarbarligini taqozo qiladi. Yorugʻ, katta idealsiz kashfiyotlarga erishib boʻlmaydi. Bir avlod vakillari zabt etishga qurbi yetmagan choʻqqilarga kelgusi avlodlar yetishadi. Vatan ravnaqi, millat maʼnaviyati taraqqiyoti, istiqlol zafarlari kitobini xalqimizning ulugʻ farzandlari yozayotir. Har bir avlod unga oʻz soʻzini, koʻnglini muhrlashga oshiqayotir. Qalblarga naqshlangan ezgu umidlar obrazli ifodasini kutayotir. Holva degan bilan ogʻiz choʻchimaydi, albatta. Olma pish, ogʻzimga tush degan bilan badiiy kashfiyotlar vosil boʻlib qolmaydi. Oʻzidan oʻzi “pir” etib uchib kelib kaftingga qoʻnmaydi. Maʼnaviyat kitobini bir necha avlod sarkotiblari tilla harflar bilan bitgusidir.
Anglashiladiki, Prezidentimiz daʼvatlari, koʻrsatmalari Istiqlol mafkurasi, Xalq-Vatan manfaatlari bilan yoʻgʻrilgan. Ularning umumgumanistik, insonsevarlik mohiyati ham shundaki, adiblarimiz azmu shijoati mafkuraviy manfaatlarga xizmat qilmaydi. Mafkuraning yugurdagi, karnaychisi emas. Aksincha, shaxs erki, millat hurriyati, Vatan mustaqilligini mustahkamlashga safarbar. Bir soʻz bilan aytganda, adabiyot zahmatkashlarining inon-ixtiyori xalq iznida. Mustaqillik manfaatlarini yuzaga chiqarishdir.
Adiblarimiz qalb amri bilan ijod qilishadi. Yuraklari esa Oʻzbekistonning havosi, suvi, tuprogʻi, olovidan nafas oladi. Shu maʼnoda, adiblarimiz millat oʻchogʻiga choʻgʻ tortar olovsevarlardir. Badiiyat bogʻining solik va solih bogʻbonlaridir. Davlatimiz rahbari haqli ravishda taʼkidlagandek, fikr qaramligi tafakkur qulligini yuzaga keltiradi; maʼnaviy mutelik qaramlikning shumshik koʻrinishidir.
Ijtimoiy-estetik ideal adabiyot-sanʼatning, maʼnaviy madaniyatning suvi, havosidir. Adabiyot – isteʼdodlarning namoyon boʻlish maydonidir. Har bir ijodkor oʻz dardi-dunyosi bilan yashaydi; oʻz badiiy olamini oʻz soʻzi bilan yaratadi. Xalqimizda, yolgʻiz otning changi chiqmaydi, changi chiqsayam dongʻi chiqmaydi, degan ibratli gap bor. Lekin bu hikmat ijodkorlardan boʻlak hamma-hammaga daxldor. Toʻgʻri, soʻz sanʼatkorlari bir-biri bilan havo, nur oʻtmaydigan “devor”lar bilan ajratilmagan esa-da, badiiy-estetik gʻoya – ijodiy niyat har bir adibning oʻz ijod “qozon”ida qaynaydi, pishib yetiladi. Oʻz ijodiy yoʻsini, tasvir tarzi bilan qogʻoz yuzini koʻradi. Daftarga toʻkiladi. Har bir adib oʻz yogʻida oʻzi qovrilish barobarida, soʻz sanʼatkorlari yagona bir kitobni yozishmoqda. Istiqlol adabiyotining badiiy tarixini yaratishmoqda. Hech bir adib u yoki bu mavzuni “taqimi”ga qisib olishga, tomorqasiga aylantirishga haqqi yoʻq; haddi sigʻmaydi ham. Istiqlol mavzuining yagona egasi oʻzimman deyolmaydi. Negaki, milliy mustaqillik xalqimizning maʼnaviy boyligi, sarvati va ruhoniyat davlatidir.
Erkinlikka yetishgan shaxsning erk dunyosini, qay tariqa yashayotgan tarzi-psixologiyasini, maʼnaviy-intellektual hayotini badiiy-falsafiy tadqiq etish adabiyot-sanʼat ahlining bosh vazifasi. Yurtboshimiz kechani kecha, kunduzni kunduz demay ulkan fidoyilik namunalarini koʻrsatayotgan zamonamiz qahramonlari obrazini yaratishlikni ustuvor masʼuliyat sifatida belgilamoqda. Bu – hayotimiz jonfidolari aqliy-axloqiy dunyosini soʻz sehri bilan jonlantirish demakdir. Bu – istiqlol adabiyotining badiiy-estetik, ijtimoiy-falsafiy qadriyatlarini yaratishga daʼvat demakdir. Bu yolgʻonni beshigida yoʻrgaklangan shoʻroviy soxta pafosdan xalos boʻlgan insonning koʻngil tarhini, tuygʻu-tafakkur tarixini yozishga safarbar nasllarga ishonch demakdir.
Yurtboshimiz adabiyot-sanʼatning ijtimoiy-estetik ideali masalasiga toʻxtalar ekan, uning shaxs, millat va Vatan manfaatlari bilan chambarchas bogʻliqligini alohida taʼkidlaydi: “Adabiyot va sanʼatga, madaniyatga eʼtibor – bu avvalo xalqimizga eʼtibor, kelajagimizga eʼtibor ekanini, buyuk shoirimiz Choʻlpon aytganidek, adabiyot-madaniyat yashasa, millat yashashi mumkinligini unutishga bizning aslo haqqimiz yoʻq. Yuksak ideallar yoʻlida fidoyilik koʻrsatib yashash, oʻzligimizni anglash, gʻurur va iftixor, milliy manfaatlarimizni himoya qilish uchun bel bogʻlab maydonga chiqish – siz, ijod ahliga xos ezgu fazilat ekanini hammamiz yaxshi bilamiz va buni yuksak qadrlaymiz”.
Maʼnaviyat xirmoni yomgʻirdan keyin bodrab chiqadigan qoʻziqorin emas ekan. Bir necha avlodning yillar, oʻn yillar badalidagi tuygʻu-tafakkur jamgʻarmasini taqozo etarkan. Bu – zahmatkash fidoyi zamondoshlarimizning qalb saxovati, aqliy zakovati, axloqiy fazilatlari bilan istiqlol badiiyatini ziynatlashda zuhur topadi. Ertangi kunimizni ham obod, farovon, charogʻon etguvchi mehnat jasoratlarida koʻramiz. Koʻrib – koʻzlar quvnaydi, tuyib – dillar yashnaydi. Buning uchun adiblarimizga badiiy toʻqimaning zarurati, ehtiyoji yoʻq. Zero, bugunning qahramonlari adiblarimiz koʻz oʻngida. Shundoqqina yon-atrofida umrguzaronlik qilmoqda. Bunyodkorlik nashʼu namosini surmoqda. Hayotimizning oʻzida, biz bilan bir dasturxon atrofida choy ichyapti, non ushatib yeyapti. Bu – voqelikni realistik idrok va ifoda etishning koʻrkam namoyishidir. Badiiyatning yangi sahifasidir.
Turfa jamiyatlar ijtimoiy-siyosiy gʻoyalari bilan birda kar-kar kerilib, baʼzan bosar-tusarini bilmay koʻkragiga urib, tarix sahnidan oʻtib boraverarkan. Faqat odam naslining baxt-saodatini yoqlagan, insonparvarlik ideallariga asoslangan, Biru Borning oʻzi yorlaqagan hayotsevarlikning umri boqiy ekan. Umumgumanistik ideallar, bashariy maslak-eʼtiqodlar bani bashar uchun ibrat, saboq tariqasida yashab qolarkan. Shu bois Prezidentimiz milliy mustaqillik kelajagini yorituvchi porloq idealni ziyolilar zakovatiga topshirmoqda.
Darhaqiqat, ijtimoiy-estetik ideal ong-shuur oftobidir. Maqsad-muddaolar yuragida olov boʻlmasa, soyaga salom bergandek bir gap. Axir, bu tabarruk zamin, koʻhna hayot quyosh quchogʻiga olgan bekaron bogʻimizdir. Serhosil daraxt qanchalik koʻp boʻlsa, shunchalar sarrin shabadalar uning bagʻrida yashaydi. Nurdek nozik va pokiza amallar bogʻning borligʻini bildirib turadi. Ana shu hayotsevar mayllar koʻngillarda gullaydi. Yurtboshimiz taʼkidlagandek, hayot haqiqat va maʼnaviy goʻzallik ildizi bunyodkor faoliyatimiz zamirida. Koʻpincha, “zamon oʻzgaryapti; zamon senga boqmasa, sen zamonga boq”, deyishadi. Shunaqa, ongimizdagi evrilishlar psixologiyadagi oʻzgarishlarni vujudga keltiradi. Bu – mafkuralar yoʻrigʻiga yoʻrgʻalash, zamonasozlikka berilish, degani emas, aksincha, ijtimoiy voqelik surʼati bilan hamqadam, hamnafas yashash demakdir.
Har bir odam kimligini, shaxsiyatini ism-sharifi anglatgani kabi, kishilik tarixida yangi bosqich sanalgan har bir jamiyatning ham oʻzi tanlagan hayot yoʻli bor. Bu boshqa tiriklik shevalarini takrorlamaydigan, eʼtiqod-ideal mustaqilligi demakdir. Millat, Vatan manfaatlariga xizmat qilguvchi, orzularini roʻyobga chiqaruvchi ideal oftob misoli xalq kelajagini, yoʻllarini nurafshon etib turadi. Axir, toqqa chiqmasang, doʻlona qayda! Odamning oʻz mustaqil fikriga, sobit eʼtiqodiga oʻzi tayanib yashaydigan hayotiy-milliy qadriyatlarga egaligi, shakllangan dunyoqarashi bilan mustahkam irodasi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Yurtboshimiz talqiniga koʻra, jamiyat mafkurasi shaxs-millat-Vatan manfaatlari vobastaligidan iborat. Adabiyot-sanʼatning barcha-barcha tarmoqlari xalq idealiga, millat-jamiyat manfaatlariga, kelajagiga kamarbasta. Xususan, badiiy-estetik tafakkur takomilini oladigan boʻlsak, shaxs-millat-Vatan iqboli va istiqboli mustaqillik mafkurasining magʻzini tashkil etadi. Shu maʼnoda adabiyot-sanʼat xalq axloqi va ideali bilan barhayot.
Garchand insonning oʻzi oʻtkinchi esa-da, boqiy moddiy-maʼnaviy qadriyatlar, goʻzalliklar yaratishdek ijodiy faoliyati umumbashariy ahamiyatga ega. Shu maʼnoda insonning oʻzi, aql-shuuri, koʻngli azaliy va abadiy qadriyatdir. Maʼlumki, inson bir umr oʻzi bilan oʻzi kurashib yashaydi. Feʼlidagi shaytonning vasvasalarini, yuho nafsning kirdikorlarini daf etish – bosh muddaosi. Inson botinida kechadigan ushbu boʻhronni anglash hamda anglatish chinakam sanʼat asarlarini yuzaga keltiradi. Garchand, badiiy-estetik tafakkurda badiiy toʻqima – “yolgʻon” ustuvor oʻrin tutsa-da, asar badiiyatini belgilovchi mezonga aylansa-da, adabiyot uchun yolgʻon yot. Soʻzni adibga Xudoning oʻzi beradi. Soʻzini ham oʻzi oladi. Bu – jonini olgan bilan barobar. Zero, oʻz soʻzini yoʻqotish, bu – adib uchun oʻlim. Badiiy barkamol sanʼat asarlarining yuzaga kelishi, bu – Alloh bilan adib oʻrtasida kechguvchi sirli, sehrli jarayon. Alloh bandasi koʻngliga ezgulik urugʻini ekkani bois saʼy-harakatlari soʻz shaklida boqiylikka erishadi.
Shu bois koʻngil masnadi badiiy-estetik tadqiqotlar mehvari boʻlib qoldi. Toʻlqin, koʻpik, girdob, qatra, yomgʻir, jala – hammasi mohiyatan suvga tegishli boʻlganidek, tabiat va jamiyatdagi barcha voqea-hodisalar inson shaxsiyati-manfaati bilan bogʻliqlikda mazmun kasb etadi. Soʻz – ogʻzi gapirsa burni eshitadigan jonsiz-qonsiz, iqiga oʻtirishmagan koʻp muhokama-mulohazalarni ichiga yutib, koʻmib ketaveradigan narsa emas. Garchand, u koʻzga koʻrinmasa-da, isteʼdodlarni koʻzga koʻrsatadigan qudratli kuch. «Soʻz sanʼati madaniy fenomen sifatida yangi-yangi avlodlarni tarbiyalab kamolga yetkazish borasida cheksiz imkoniyatlarda ega, – deydi Yurtboshimiz. – ...Ijod maydoniga qadam qoʻygan har bir sanʼatkor millati, tili va dinidan qatʼi nazar, bashariyat farzandi sifatida dillarni dillarga, ellarni ellarga bogʻlaydi... Haqiqiy sanʼatni sof va boqiy maʼnaviy qadriyatni faqat Parvardigori Olamning marhamati bilan Hazrati inson yaratadi». Isteʼdod zakovatiga bundan ziyod tahsin-baho berilmagan boʻlsa kerak.
Darhaqiqat, har bir insonda Allohdan bir zarra, uchqun bor. Ana shu bir chimdim nur odamlarning koʻngliga joylangan. U banda jismining javhari, ruhi, demakdir. Sanʼatda, xoh yirik epik polotno (roman, doston, drama) boʻlsin, xoh toʻrt satr sheʼr – oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi. “Gah” desang kaftingga kelib qoʻnadigan qarqunoq qush polaponi emas. Har kim oʻz uyida yashagani singari ruhning maskani koʻngil toʻrida. Inson ruhini anglab yetmasdan turib badiiy kashfiyotlarga erishish, yetishish dargumon. Eng baland masnad – inson qalbini tushunish hamda tushuntirish layoqatida asl isteʼdodning jozib kuchi, sehri mujassamlashgan. Inson ruhining erkinligini, qavat-qavat osmonlarga koʻtarila bilishiyu, yetti qavat yer qaʼriga tusha olish saʼjiyasini badiiy-estetik idrok qilish, falsafiy timsolli ifodalash sanʼatida asl isteʼdodning betakror kashshofligi zuhur topadi.
Oʻn sakkiz ming olam Qodir Egamning koinot kahkashonida bunyod etgan bogʻlari. Biru Bor moʻjizalarini bilish, anglash, tushuntirish orqali inson oʻzini oʻzi, oʻzligini teranroq tushuna boradi. Banda oʻzini Haqqa bagʻishlab, komillikka intiladi. Ming-ming yillik mumtoz adabiyotimizda shakllangan islomiy falsafada Zikr, Faqr, Sabr, Shukr degan tushunchalar bor. Ularning har biri Haq taoloni bilishda, Olam va Odam sir-sinoatlarini tushunishu tushuntirishda alohida bosqichlardir. Badiiy-estetik tafakkurda keng qoʻllanilayotgan ertak, afsona, mif va rivoyatlar ham bizni Olamni bilishga undaydi. Jonzotlaru (kiyik, boʻri, tulki, qoʻy-qoʻzi va hokazo) hasharotlar (chumoli, kapalak, ninachi kabi)ning tilga kirishi, togʻ-toshlaru dov-daraxtlar, turna koʻzli buloqlarning, barru bahrlarning soʻzlashi Borliq bilan Yoʻqlikni, Odamni anglatishga intilishdir. Bu xil Zikrdan maqsad Ollohni eslash, Olloh nomi bilan koʻngillarni ziynatlashdir. Anglashilyaptiki, Zikr ikki xil ekan. Tildagi zikr – gʻaflatdan hushyorlikka oʻtish, dildagi zikr esa Ollohni toʻla-toʻkis qalbga singdirishdan iborat. Xoja Bahouddin Naqshband aytgan ekanlar: “Zikrning haqiqati – gʻaflat maydonidan chiqib, mushohada fazosida parvoz qilishdir”. Zikr – qalbni tozalaydi. Odamni ruhan poklab, Haqqa yaqinlashtiradi.
Endi, Faqr degani bu – Ollohning doʻsti, deb anglatiladi hikmatli kitoblarda. Kishilarni mol-dunyoga berilmaslikka chorlash asl muddaodir. Faqr kishi hech narsasining yoʻqligi bilan faxrlanadi. Faqrlik uning boyligidir. Haq maʼrifatiga eltuvchi faqrlik yoʻli qanoat, poklanish va bogʻlanishdan iborat. Yana sabr ham borki, u nafs sabri, oxirat savobi uchun zarur boʻlgan qalb sabri hamda muhabbatdan iborat ruh sabridir. Shukr – sabrning eng yuksak, baland holatidir. Banda Ollohning sinov jafosiga ham, marhamatiga ham shukr qiladi (“Biz topsak shukr qilamiz, topmasak, sabr qilamiz”).
Oftob zarkokil shuʼlalari bilan soʻzlashadi, kamalak nurlari bilan fikrlaydi. Dehqon zaminni shudgorlar ekan, kelgusi yil hosili haqidagi tansiq oʻylarini ham tuproqqa singdirib yuboradi. Gullagan bogʻ-rogʻlar, larzon-larzon mevalar bogʻbon yuragining tajallisidir. Vosil boʻlgan ezgu niyatlar haqiqatidir.
Har bir soʻz sanʼatkori ham shunaqa. Soʻzlar vositasida obrazli oʻz badiiy dunyosini yaratadi. Hayotning oʻzi anglab yetgan haqiqatlari manzarasini suratlantiradi.
Qodir Egam moʻjizalari bani bashar ahlini hayratlarga solib, tong qoldiraveradi. Qarang, Misr ehromlarida ming yillar davomida koʻmilib qolgan bugʻdoy doni yorugʻlik-oftob-suv taʼsirida don tugdi. Badiiy soʻz ham ana shunday hayotbaxsh kuch-qudratga ega. Faqat Yurtboshimiz taʼkidlaganidek, hayot voqeligiga jon bagʻishlashda isteʼdod sehri, tuygʻu-tafakkur quvvati taqozo etiladi.
Noʻmon RAHIMJONOV
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring