Abituriyentlarga qanday imkoniyatlar berilyapti?

13:49 16 Iyun 2020 Jamiyat
1704 0

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda taʼlim tizimini izchil rivojlantirish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, oliy maʼlumotli, ilmli boʻlaman degan yoshlarimizning tahsil olishi uchun yangi oliy taʼlim muassasalari tashkil etilib, oliy taʼlim muassasalariga qabul kvotalari oshirilmoqda.

Oliy maʼlumotga ega, yuksak malakali mutaxassislar qancha koʻp boʻlsa, rivojlanish shuncha tez va samarali boʻladi. Shu sababli yoshlarga bir vaqtning oʻzida bir nechta oliy oʻquv yurtiga hujjat topshirish imkoniyati berilib, ularning taʼlim olishi uchun barcha qulayliklar yaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 12-iyundagi “2020/2021 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida”gi qarori ham bu borada muhim qadam boʻldi.

Mazkur hujjatga muvofiq, abituriyentlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda fanlar ketma-ketligi bir xil boʻlgan beshtagacha bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tanlovda ishtirok etish huquqi berilmoqda.

Shu bilan birga 2020-2021 oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalariga qabul kvotalari tasdiqlanib, bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakliga 103 575, sirtqi taʼlim shakliga 31 350 va kechki taʼlim shakliga 5 025 nafar talaba qabul qilinmoqda. Eʼtiborli jihati, kirish test sinovlari abituriyent tanlagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos ikkita fandan oʻtkaziladi.

Qarorda 2020/2021 oʻquv yili qabulidan boshlab Mahalla va oilani qoʻllab quvvatlash vazirligining tavsiyanomasiga ega boʻlgan xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlariga nisbatan qoʻshimcha toʻrt foizli davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari ajratilishi ham belgilangan.

Fargʻona viloyatining Soʻx tumani uchun bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha umumiy belgilangan qabul koʻrsatkichlariga nisbatan qoʻshimcha davlat granti asosidagi 500 ta oʻrin miqdoridagi maqsadli qabul parametrlari ajratilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, qaror bilan oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtgan oliy taʼlim muassasalari(OTM)ga oʻzini oʻzi toʻliq moliyaviy taʼminlash miqdoridan kelib chiqib, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymatini belgilash huquqi berilib, “Sport faoliyati (faoliyat turlari boʻyicha)” bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻqish muddati uch yil etib belgilab qoʻyildi.

Umuman olganda, davlatimiz rahbarining qarorida joriy oʻquv yilidan boshlab matematika boʻyicha magistrlar toʻliq davlat granti asosida tahsil olishi belgilanib, kelgusi oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarida faqat davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlarini belgilash koʻzda tutilmoqda. Bu esa, oliy maʼlumot olaman, yurt rivojiga oʻz hissamni qoʻshaman, degan koʻplab yigit-qizlarimizning orzularini roʻyobga chiqarishga zamin yaratadi.

Qahramon ERGASHEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер