Abdulla Qodiriy yashagan uy buziladimi?
Toshkent shahar hokimligi mashhur oʻzbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy yashagan uy buzilishi haqidagi maʼlumotlarni rad etib chiqdi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.
Poytaxt maʼmuriyati bu yerda adibning uy muzeyi va bogʻ, qolaversa, kutubxona va anjumanlar zali tashkil etilishi rejalashtirilayotganini maʼlum qildi.
“Mazkur ishlarni olib borish uchun ayni paytda yozuvchining avlodlari istiqmoat qilib kelayotgan ayrim imoratlarni buzish kerak. Bu ishlar Qodiriyning qarindoshlari roziligisiz qilinmaydi”, - deyiladi xabarda.
“Toʻgʻrisini aytganda, uzoq yillar davomida yashagan hovlimizni tark etish juda ogʻir. Bizga juda qiyin boʻladi. Lekin asosiy vazifamiz uy muzeyni tiklash va bu yerda bogʻ yaratishdir”, - dedi yozuvchining nevarasi Xondamir Qodiriy.
Adibning evarasi Otabek Odilovning soʻzlariga koʻra, ayni paytda Abdulla Qodiriyning barcha avlodlari shu joyda istiqomat qilishadi, ularning hammasi muzeyning toʻlaqonli faoliyatini tashkil etish taklifi bilan chiqishgan.
Uning aytishicha, ushbu ishlar munosabati bilan toʻqqizta uyni “snos” qilish rejalashtirilmoqda. Ushbu hududda hammasi boʻlib 15 yoki 16 ta xonadon bor. Toshkent hokimi ularning barchasiga qarindoshlari yaqiniga koʻchib oʻtishni taklif etgan.
Odilov muzeyning oʻzi buzilmasligi, quruvchilar uning biror gʻishtiga tegmaganini qoʻshimcha qilgan.
Ushbu ishlarni shu yil dekabr oyi oxirigacha yakunlash koʻzda tutilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring