99 nafar rossiyalik bola dam olish uchun Oʻzbekistonga keldi
Rossiyaning Belgorod va Bryansk viloyatlaridan 99 nafar bola dam olish uchun Oʻzbekistondagi oromgohga keldi. Bu haqda Rossiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi xabar qildi.
Rossiyalik bolalarni Kasaba uyushmalari federatsiyasi mehmonga taklif qilgan. Ular Toshkent viloyatidagi “Anor” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida ikki hafta dam oladi.
Qayd qilinishicha, Toshkent aeroportida bolalarni Rossiyaning Oʻzbekistondagi muvaqqat ishlar vakili Andrey Lanchikov, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbariyati va Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi vakillari kutib oldi.
“Oʻzbekiston hukumatiga birinchi marta oʻtkazilayotgan bunday ajoyib aksiya uchun minnatdorchilik bildiramiz, bolalarga esa mehmondoʻst Oʻzbekistonda unutilmas taʼtil oʻtkazishlarini tilaymiz”, deyiladi elchixona xabarida.
Maʼlumot uchun, iyun oyida 100 nafarga yaqin ukrainalik bola “Anor” oromgohida dam olgandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring