8 oyda oʻtkir tigʻli predmetlardan foydalangan holda 542 ta jinoyat sodir etilgan. Yangi Qonun shu bilan bogʻliq muammolarni hal etishga qaratilgan
Senatning sakkizinchi yalpi majlisida “Jamoat xavfsizligini taʼminlashga doir qonun hujjatlari yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama markazida boʻldi.
Taʼkidlanganidek, oʻtgan davr mobaynida mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, jamoat tartibini saqlashning mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etish hamda aholida shaxsiy xavfsizlik hissini shakllantirish borasida tizimli va samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Biroq jamoat xavfsizligini taʼminlashda bir qator salbiy voqealarning yuz berayotgani, jumladan, bugungi kunda fuqarolar, ayniqsa, yoshlar orasida pichoq va boshqa sovuq qurollarni olib yurish, oʻzaro janjal vaqtida mazkur ashyolar bilan qoʻrqitish yoki ularni qoʻllash kabi harakatlar koʻplab uchramoqda.
Tahlillarga nazar tashlaydigan boʻlsak mazkur Qonunni qabul qilishning nechogʻli ahamiyatli ekanligini anglashimiz mumkin.
Misol uchun, 2017–2019-yillarda 10065 ta sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan predmet, shundan 6835 tasi, yaʼni 68 foizi pichoqlar. 2020-yilning 6 oyida esa 14957 ta sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan predmet, shundan 12762 tasi yoki 85 foizi pichoq va qolgani boshqa turdagi predmetlar.
Mazkur predmetlarning 58 foizi koʻchada, 22 foizi bozorlarda, 24 foizi taʼlim muassasalarida aniqlangan. Buning oqibatida esa birgina 2020-yilning 8 oyida aynan oʻtkir tigʻli predmetlardan foydalangan holda 542 ta jinoyat sodir etilgan boʻlsa, shundan 168 tasi yoki 31 foizi qotillik, 289 tasi, yaʼni 53 foizi ogʻir tan jarohati yetkazish kabi salbiy holatlar yuz berishiga olib kelgan.
Shu sababli jamoat xavfsizligini taʼminlashga doir qonun hujjatlarini yana-da takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining 104 va 105-moddalarining ikkinchi qismidagi bandlar oʻzgartirilmoqda.
Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 14, 245, 287-moddalari toʻldirilib, kodeksga yangi 1852 va 1853-moddalari qoʻshilmoqda.
1852-moddaning birinchi qismida fuqarolar tomonidan jamoat joylarida, kasbiy faoliyatda, yoki sport faoliyatida yoki xoʻjalik-maishiy maqsadlarda sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni ochiq holda (gʻilofsiz) olib yurganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima jazosi belgilanmoqda.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xoʻjalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bogʻliq boʻlmagan hollarda, fuqaroviy qurolni, sovuq qurolni va sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan, sport va xoʻjalik-maishiy maqsadlar uchun moʻljallangan ashyolarni jamoat joylarida olib yurganlik uchun huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib yoki musodara qilmay, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima jazosi belgilanmoqda.
Shuningdek, 1853-modda bilan Oʻzbekiston Respublikasi hududida fuqaroviy va xizmat quroli sifatida muomalada boʻlishi taqiqlangan ashyolarning qonunga xilof ravishda muomalada boʻlishi taqiqlanmoqda.
Bundan tashqari, “Qurol toʻgʻrisida”gi Qonunning 3 va 9-moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Yaʼni sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan, sport va xoʻjalik-maishiy maqsadlar uchun moʻljallangan ashyolar deganda jismoniy kuch ishlatish natijasida odamning sogʻligi va hayotiga zarar yetkazishi yoki oʻlimiga olib kelishi mumkin boʻlgan xoʻjalik-maishiy va kasbiy maqsadlarda, ishlab chiqarish sanoati hamda sport faoliyatida foydalaniladigan tigʻli, kesuvchan va boshqa ashyolar, pichoqlar va boshqa tigʻli ashyolar, beysbol bitalari, softbol oʻyini uchun bitalar – chillaklarni nazarda tutuvchi tushuncha kiritilmoqda.
Shuningdek, sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni ulardan kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xoʻjalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bogʻliq boʻlmagan hollarda, shu jumladan, shahar transportida, shahar atrofiga qatnovchi, shaharlararo va xalqaro transportda, jamoat joylarida, ochiq (gʻilofsiz) holda olib yurishni taqiqlovchi norma kiritilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi natijasida mamlakatimizda sovuq qurol, sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan boshqa ashyolar, shuningdek pichoqdan foydalangan holda sodir etilishi mumkin boʻlgan huquqbuzarliklarning kamayishiga erishiladi.
Senatorlar tomonidan mazkur Qonun maʼqullandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring