7 ta tilni mukammal bilgan maʼrifatparvar Ishoqxon Ibrat izdoshlari bugun 9 ta tilni oʻrganmoqda

14:46 24 Iyul 2023 Jamiyat
716 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Oliy taʼlim muassasasi davlatimiz rahbarining 2022-yil 9-iyundagi “Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillar instituti faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida»gi qarori asosida oʻtgan yili Toʻraqoʻrgʻon tumanida faoliyat boshlagan boʻlib, yakunlagan oʻquv yilida 400 oʻrinli binoda 428 nafar talaba birinchi bosqich tahsilini nihoyasiga yetkazdi.

Shu kunlarda yangi oʻquv binolari va yordamchi inshootlar barpo etish koʻzda tutilgan yirik loyiha ijrosiga kirishildi. U Toʻraqoʻrgʻon va Davlatobod tumanlari chegarasida qad rostlayotgan “Yangi Namangan” shaharchasidan joy oladi. 5 gektar maydonda qurilishi boshlangan oliygoh majmuasi 1000 oʻrinli oʻquv binosi, 400 oʻrinli talabalar turarjoyi, 100 oʻrinli Axborot kutubxona markazi hamda 250 oʻrinli faollar zalini oʻz ichiga oladi.

— Institutimiz faoliyati yanada kengayadi, —deydi OTMning yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Xayrullo Nishonov. –Buni yangi oʻquv yili qabuli uchun 1100 ta kvota ajratilgani, shunga yarasha oʻquv yoʻnalishlari koʻpaytirilgani misolida ham koʻrish mumkin. Tenderda gʻolib boʻlgan “Bunyodkor Muboshir” masʼuliyati cheklangan jamiyati binokorlari obyektni belgilangan muddat – 2024-yil avgustiga toʻla bitkazish uchun ishga jadal kirishdilar.

Taʼkidlash joiz, institut faoliyat boshlagan dastlabki yili bu yerda rus, fransuz, nemis va ingliz tillari yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim tashkil etilgan boʻlsa, navbatdagi oʻquv yilidan 9 ta til va 16 yoʻnalish boʻyicha talabalar qabul qilinadi. Ular orasida koreys, yapon, xitoy, arab, fors tillari bor.

Bir soʻz bilan aytganda, oʻquv dargohi oʻz davrida yetti ta tilni mukammal egallagan toʻraqoʻrgʻonlik maʼrifatparvar Ishoqxon Ibratning chinakam izdoshlari yetishib chiqadigan maskanga aylanmoqda.

                                                                          Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер