61 marta qoida buzgan haydovchi 22,5 million soʻm jarima toʻladi

20:34 13 Sentyabr 2024 Jamiyat
547 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlari tomonidan yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun qoʻllanilgan maʼmuriy jarimalarni muddatida toʻlamagan fuqarolarga nisbatan taʼsir choralari koʻrilib, qarzdorliklari undirilyapti.

Ana shunday haydovchilardan biri — poplik I.S.ga oʻz boshqaruvidagi “Cobalt” avtomashinasida yoʻl harakati qoidalarini oz emas — 61 marta buzgani uchun jarima qoʻllanilganiga qaramay ularning birortasini hisob-kitob qilmagan. Oʻz navbatida, jarima 60 kun ichida bartaraf etilmagani bois, chiqarilgan qarorlar Majburiy ijro byurosining Pop tuman boʻlimiga kelib tushdi. Davlat ijrochisi tomonidan qarzdor ogohlantirilsa-da majburiyatni bajarmagani uchun transport vositasiga nisbatan qidiruv eʼlon qilinadi va I. S.ning “Cobalt” avtomashinasi topilib, jarima maydonchasiga joylashtiriladi. Masʼuliyatsiz fuqaro shundan soʻnggina qarzdorlikni bartaraf etishga majbur boʻladi va qoʻllanilgan 61 ta jarima boʻyicha jami 22,5 mln. soʻmni toʻlab beradi.

— Bu singari haydovchilar bilan jiddiy ish olib borishga toʻgʻri kelyapti, — deydi MIB Namangan viloyati boshqarmasi qidiruv shoʻbasi katta inspektori Oʻktamjon Ahmedov. — Joriy yilning oʻtgan davrida Namangan shahar va boʻlimlar ish yurituviga 97 362 ta yoʻl harakati qoidalarini buzganlik holati bilan bogʻliq hujjatlar kelib tushgan. Olib borilgan ijro harakatlari va “Avtokon” tadbirida davomida ulardan 57 053 tasining ijrosi yakunlanib, 97,1 mlrd. soʻm jarimalar davlat foydasiga undirildi. Bundan tashqari, viloyat miqyosida 10 va undan ortiq qoidabuzarlik sodir etib, jarimalarni toʻlamay kelayotgan 1 310 nafar qarzdor fuqarolarning avtotransport vositalari xatlanib, jarima maydonchalariga joylashtirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер