4 ta hududda yer maydonlarini sotish bilan bogʻliq firibgarlik holatlari aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Denov tuman boʻlimlari tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, “O.D.” fermer xoʻjaligi bosh hisobchisi U.S. xoʻjalikning tuman hokimligi zaxirasiga olingan 2 gektar yer maydonini fuqaro Sh.ga firibgarlik yoʻli bilan 10 000 AQSH dollariga sotishga kelishib, tanishlari orqali yer maydoni hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga oldindan 5 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tuproqqalʼa tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro M.S. boshqa bir fuqaro I.ga tuman hokimligi zaxirasidagi 6 sotix yer maydoni oʻziga tegishli ekanligini aytib, ushbu yer maydonini uy-joy qurish uchun 8 700 AQSH dollariga sotishga kelishib, uy-joy qurilganidan keyin hujjatlarni rasmiylashtirib berishni vaʼda qilib 8 500 AQSH dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departament hamda DXXning Buxoro viloyati boshqarmalari tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Sh.H. boshqa bir fuqaro A.ga Romitan tuman hokimligi zaxirasidagi 16 sotix yer maydonini vakolatli tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 7 400 AQSH dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Xuddi shunday, Hazorasp tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqarolar G.R. va S.B.lar boshqa bir fuqaro M.ga turar joy qurish uchun Yangibozor qishlogʻi hududidan tuman hokimligi zaxirasidan 4 sotix yer uchastkasini sotib olib berish evaziga 2 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring