4 milliard soʻmlik zargarlik markazi ish boshladi
Termizda 4 milliard soʻmlik zargarlik markazi ish boshladi
“Akbar Termiziy“ xususiy korxonasi tomonidan barpo etilgan yangi markaz zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishdan sotishgacha boʻlgan barcha jarayonni oʻz ichiga oladi. Shuningdek, uch qavatli binoda joylashgan maxsus markaz zargarlik tarmogʻida ish yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini bir joyga yigʻib, oʻzaro hamkorlikdagi kooperatsiya aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Binoni rekonstruksiya qilib, zargarlarga barcha qulayliklarni yaratish uchun tijorat bankining 3 milliard soʻm kredit mablagʻi va bir milliard soʻm tadbirkorning oʻz mablagʻi sarflandi.
Majmuaning birinchi qavati zargarlik buyumlarini sotish, ikkinchi qavati zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va uchinchi qavati yosh zargarlarni tayyorlash oʻquv markaziga moslashtirildi. Loyiha natijasida yuzga yaqin yangi ish oʻrni tashkil etildi.
Maʼlumotlarga koʻra, viloyatda bir yilda oʻrtacha 18 mingta nikoh qayd etiladi. Agar ular ikkitadan uch grammlik uzuk sotib olsa yiliga 36 ming dona yoki 108 kilogramm nikoh uzugi xarid qilinadi.
– Dastlabki hisob-kitoblarimiz boʻyicha markazda qimmatbaho buyumlarning chakana savdosidan kelgusi yil 4 milliard soʻm daromad olinib, davlat byudjetiga 200 million soʻm tushum taʼminlanadi, – deydi “Akbar Termiziy“ xususiy korxonasi taʼsischisi S.Ergashev. – 2022-yilda savdo aylanmasi 8 milliard soʻmni tashkil etib, byudjetga 400 million soʻm mablagʻ tushiriladi. Zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun Italiya, Turkiya, Xitoy, Germaniya kabi davlatlardan asbob-uskunalar olib kelinadi. Yana qoʻshimcha 50 ish oʻrni yaratiladi.
Mutasaddilarning taʼkidlashicha, Denov tumanida ham xuddi shunday markaz tashkil etish moʻljallanmoqda.
Markazning tantanali ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov soʻzga chiqdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring