3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni

09:19 02 Dekabr 2019 Jamiyat
13750 0

Imkoniyati cheklanganlar davlat muhofazasida Koʻngillarga shodlik ulashib...

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Saminjon Husanov/Andijon. BMT tashkiloti tomonidan 3-dekabr –Xalqaro nogironlar kuni, deb eʼlon qilingan. Ushbu sana butun dunyo boʻylab keng nishonlanadi va bundan asosiy maqsad aqlan va jismonan nuqsoni bor zamondoshlarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashdan iboratdir.

Andijon viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi tomonidan ham ushbu sana oldidan koʻngli yarim yurtdoshlarimiz xolidan xabar olish, ularga moddiy va maʼnaviy jihatdan yordam berish ishlari boshlab yuborildi. Jumladan, boshqarma boshligʻi Furqatbek Buzrukov Qoʻrgʻontepa tumaniga tashrif buyurib, 5-umumtaʼlim maktabining 1-sinf oʻquvchisi Mehriniso Maʼrufjonova xolidan xabar oldi. Gap shundaki, Mehriniso mehrga muhtoj yurtdoshlarimizdan. Imkoniyati cheklangani bois maktabga bora olmaydi. Uning xonadoniga ustozlar tashrif buyurishib, yakka tartibda mashgʻulotlar olib borishadi.

Shu kuni boshqarma boshligʻi boshchiligidagi saxovatpesha insonlar tumandagi 39-umumtaʼlim maktabining 6-sinf oʻquvchisi Rahmatillo Arabboyev xonadonida ham boʻldilar.

“6-sinfda oʻqiyman. Maktabga qatnashga imkonim yoʻq. Shuning uchun yakka tartibda tahsil olaman. Ustozlarim har kuni xolimdan xabar olishadi va navbatdagi mavzuni tushuntirishadi. Tengqurlarimdan ortda qolmay tahsil olayotganimdan xursandman”,-deydi Rahmatillo suhbatda.

Boshqarma tomonidan bu kabi oʻquvchilar xolidan xabar olish davom etyapti, qimmatbaho sovgʻalar topshirilyapti va tahsil olishlari uchun neki zarur sharoit boʻlsa amaliy koʻmak berilyapti.

Nogironlik kuni nima uchun nishonlanadi?

Kezi kelganda aytish joiz, ushbu sana 1992-yilda qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasi qaroriga binoan har yili nishonlanib kelinmoqda. Bundan asosiy maqsad jamiyatda nogironlar duch kelayotgan muammolarni yaxshiroq tushunish, ularni bartaraf etish, qadr-qimmati, huquqlarini himoyalash, turmush sharoitlarini yaxshilashdan iborat. Zero, bu toifa insonlarning sogʻligida muammosi bor boʻlgani bois imkoniyatlari cheklangan va moddiy sharoiti ham talab darajasida emas. Ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash orqali jamiyatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotidagi faolligini taʼminlashga erishish mumkin.

Xulosa

Bugungi kunga kelib dunyo aholisining 1 milliarddan ortigʻida, yaʼni yetti kishidan kamida bittasida muayan bir turdagi nogironlik mavjud. Shularning 100 milliondan ortigʻini bolalar tashkil etadi. Demak, safimizdagi imkoniyati cheklanganlarni har tomonlama safimizda mavjudligini taʼminlash uchun ularning teng huquqliligini taʼminlash, qadr-qimmatini himoya qilish darkor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер