2030-yilga borib, qandli diabetga chalinganlar soni ikki barobar ortishi mumkin — tadqiqot
Qandli diabet — tobora yasharib borayotgan kasallik. Hozir dunyoda yarim milliarddan ortiq kishi ushbu darddan aziyat chekmoqda. Ulardan katta qismi xastalikning 2-turiga chalingan.
Buyuk Britaniyaning nufuzli “The Lancet” tibbiy jurnalida eʼlon qilingan tadqiqot natijalariga koʻra, 2030-yilga borib, bu kasallik bilan ogʻrigan bemorlar soni 1,3 milliard nafargacha yetishi mumkin.
Nashrning qayd etishicha, qandli diabet Yer yuzi aholisining 6,1 foizida uchraydi. Bu esa ushbu kasallikdan nogironlik holatlari ortishiga sabab boʻlmoqda.
Ayni paytda diabetga chalinganlar soni boʻyicha eng yuqori koʻrsatkich Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlari hissasiga toʻgʻri keladi.
Olimlar fikriga koʻra, notoʻgʻri ovqatlanish, kamharakatlik oqibatida kelib chiqadigan ortiqcha vazn qandli diabetning asosiy omildir.
Boisi, kasallikning 2-turi rivojlanishiga inson tanasida mushak toʻqimasining kamayib, yogʻ toʻqimasining koʻpayishi hisoblanadi. Ammo xastalik semiz boʻlmagan insonlarda ham rivojlanishi mumkin.
Qandli diabet asosan ogʻiz qurishi, chanqash va shunga yarasha keragidan ortiqcha suyuqlik isteʼmol qilib, koʻp peshob ajralishi kabi belgilar bilan namoyon boʻladi.
Shuningdek, bunday bemorlarda umumiy holsizlik, oyoqlarda ogʻriq va keyinchalik jarohatlarning sekin bitishi kuzatiladi. Ortiqcha vazni boʻlgan kishilarda xastalik ishtahaning haddan ortib ketishi bilan ham kuzatiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring