2023-yilga moʻljallangan Davlat budjetiga oʻzgartishlar kiritilmoqda

13:53 20 Dekabr 2023 Siyosat
594 0

Foto: "Xalq so'zi"

Senatning qirq sakkizinchi yalpi majlisida “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Qonun bilan ilgari tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti taqchilligining cheklangan miqdori 3,0 foizdan 5,5 foizga oʻzgartirilmoqda.

Shuningdek, yuzaga kelgan qoʻshimcha xarajatlarni qoplash maqsadida Qonunda 2023-yil uchun Hukumat nomidan va Oʻzbekiston Respublikasining kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish boʻyicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 4,5 mlrd AQSH dollardan 5,5 mlrd AQSH dollarga oʻzgartirilmoqda.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatning ustuvor topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlari qoʻshimcha xarajatlar hisobiga oshirilmoqda.

Xususan, 2023-yil 1-yanvardan yangi tashkil etilgan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining yil boshida tasdiqlangan xarajatlari qoʻshimcha mablagʻ ajratilib, ushbu mablagʻlar bolalarni oziq-ovqat bilan taʼminlashga, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini Finlyandiya tajribasi asosidagi yangi avlod darsliklari bilan taʼminlashga, maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni ortishi hisobiga Davlat byudjetidan ajratiladigan subsidiya uchun xarajat qilinishi koʻzda tutilgan.

Qishloq xoʻjaligi vazirligining yil boshida tasdiqlangan xarajatlariga qoʻshimcha ravishda mablagʻlar qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi boʻlgan chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xoʻjaliklari tomonidan yetishtirilgan va aholiga sotilayotgan mahsulotlar uchun subsidiyalar uchun yoʻnaltirilmoqda.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining yil boshida tasdiqlangan xarajatlariga qoʻshimcha ravishda mablagʻ ajratilmoqda va ayrim xarajatlarni mahalliy byudjetlar, vazirlik va idoralarga qayta yoʻnaltirish koʻzda tutilmoqda.

Xususan, nafaqa oluvchi oilalar soni 2,1 milliondan oshganligi (yil boshida 1,5 mln boʻlgan) hisobiga ijtimoiy nafaqalar uchun xarajatlarga qoʻshimcha 1 trln 808 mlrd soʻm ajratilmoqda.

Shu bilan birga davlat ijtimoiy soha obyektlarining issiqlik taʼminoti tizimini davlat-xususiy sheriklik asosida koʻmir yoqilgʻisiga oʻtkazish va modernizatsiya qilish bilan bogʻliq xarajatlarga 500 mlrd soʻm ajratilmoqda.

Senatorlar 2023-yil uchun Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonunga kiritilayotgan barcha oʻzgarishlar mamlakatimizdagi dolzarb muammolarni hal etishga va ularni mablagʻ bilan taʼminlashga qaratilganligini qayd etib, ushbu Qonunni maʼqulladilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер