2022-yilda tadbirkorlarga nisbatan 20 928 ta qonunbuzilish holati sodir etilgan
Foto: Arxiv surat
Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Biznes-ombudsman axborot xizmati rahbari Jamshid Hasanov maʼlum qildi.
Tadbirkorlik subyektlaridan Biznes-ombudsmanga jami 9 850 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, 4 319 ta holatda (48 foiz) tadbirkorning huquqlari tiklandi, qolgan murojaatlar boʻyicha huquqiy tushuntirish berildi.
Kelib tushgan murojaatlar xususiyatlari boʻyicha tahlil etilganda:
— 18 foizi soliqqa oid;
— 14 foizi yer, kadastr va arxitektura bilan bogʻliq;
— 14 foizi bank, kreditga bogʻliq;
— 9 foizi infratuzilmaga oid;
— 6 foizi sud va boshqa masalalaridagi murojaatlarga toʻgʻri keladi.
Tadbirkorlarga nisbatan sodir etilgan 20 928 ta qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 2 591 ta taʼsir chorasi qoʻllanilib, shundan 2 126 nafar mansabdor va masʼul shaxslarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomalar rasmiylashtirildi va 5,1 mlrd soʻm jarima qoʻllanildi.
Maʼmuriy huquqbuzarliklarga oid ishlarning xususiyatlari boʻyicha toʻxtaladigan boʻlsak:
797 ta holatda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish;
675 ta holatda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish;
414 ta holatda davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi qonun hujjatlarini buzish;
240 ta holatda boshqa huquqbuzarliklarga toʻgʻri keladi.
Aniqlangan va koʻrilgan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarning aksariyati, yaʼni:
Hududlar kesimida Namangan viloyatida 243 tani, Samarqand viloyatida 205 tani, Toshkent shahrida 189 tani va Qashqadaryo viloyatida 183 tani tashkil etgan boʻlsa;
Ushbu koʻrsatkich sohalar kesimida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tizimida 321 ta, Soliq idoralarida 250 ta, Qurilish vazirligi tizimida 194 ta va Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tizimida 179 taga toʻgʻri keldi.
Shu bilan birga, tadbirkorlar manfaatlarida 51,3 milliard soʻmlik daʼvolar kiritildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijada noqonuniy qabul qilingan 198 ta qaror va hujjat bekor qilinib, 123 nafar masʼul shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi, tadbirkorlarning 436 gektar yer maydoniga boʻlgan mulk huquqlari tiklandi.
Hurmatli tadbirkorlar, agar faoliyatingizda davlat organlari tomonidan toʻsqinlik yaratilayotgan boʻlsa, Biznes-ombudsmanga murojaat qilishingiz soʻraladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring