2022-yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga kiritilgan 983 ta sement-beton qoplamali avtomobil yoʻlini qurish obyektlari nazorat qilingan
Foto: Arxiv surat
AOKAda oʻtkazilgan brifingda “Oʻzyoʻlinspeksiya” axborot xizmati rahbari Komiljon Shamsiddinov “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida qurilgan va taʼmirlangan yoʻllar sifatini nazorat qilish borasidagi ishlar yuzasidan maʼlumot berdi.
2022-yil davomida “Oʻzyoʻlinspeksiya” tomonidan nazorat qilish rejasiga kiritilgan 316 ta “Obod qishloq” va “Obod mahalla” obyektlarining barchasida nazorat ishlari oʻtkazildi.
Nazorat natijasida mazkur obyektlarda 547 ta qoida buzilish holatlari aniqlanib, ularni bartaraf etish boʻyicha buyurtmachi, pudratchi, loyihachi, yoʻllarni saqlovchi va boshqa tashkilotlarning masʼul xodimlariga 301 ta bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berildi. Barcha qoida buzilishlar oʻz muddatida bartaraf etildi.
20 ta holat boʻyicha 257,63 mln. soʻmlik sifatsiz bajarilgan qurilish-montaj ishlar hajmini toʻlovdan chiqarish boʻyicha buyurtmachilarga talabnomalar kiritildi. 3 ta holatda qonun hujjatlari talablarini buzayotgan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortilishi toʻgʻrisida yuqori turuvchi organlarga taqdimnoma kiritildi.
Mamlakat Prezidentining 2022-yil 18-maydagi tegishli qarori boʻyicha, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga kiritilgan 983 ta sement-beton qoplamali avtomobil yoʻllarini qurish obyektlari ham nazorat qilindi.
Natijada 670 ta qoida buzilish holatlari aniqlanib, ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli tashkilotlar masʼul xodimlariga 263 ta majburiy koʻrsatmalar berildi. 41 ta holat boʻyicha 443,2 mln. soʻmlik sifatsiz bajarilgan ishlar hajmini toʻlovdan chiqarish boʻyicha talabnomalar kiritildi. 5 ta holatda mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritildi.
Umuman, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari yuzasidan barcha yoʻl-qurilishi obyektlarida qoʻpol ravishda qoidabuzilishlarga yoʻl qoʻygan va koʻrsatmalarni muddatida bartaraf etmagan mansabdor shaxslarga nisbatan “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi Kodeksning 99-moddasi asosida tegishli choralar qoʻllash uchun 22 ta maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, maʼmuriy sud organlariga yuborildi.
Shu oʻrinda mazkur dasturlar doirasida yoʻl sohasidagi aholi murojaatlari hamda matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan ayrim muammoli masalalar yuzasidan tushuntirish berib oʻtsak.
Surxondaryo viloyati Shoʻrchi tumani “Hurlik” MFYda istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan – Nurafshon va Farovon koʻchalari holati boʻyicha qilingan murojaatga javoban quyidagilarni maʼlum qilamiz:
Tumandagi davlat dasturiga tushgan “Nurafshon” koʻchasida 0,710 km beton qoplama, “Nurafshon-1” koʻchasida 0,211 km beton qoplama, “Farovon” koʻchasida 0,260 km beton qoplama va mazkur koʻchadagi 0,574 km asfaltbeton qoplama yotqizish ishlari – “Surxondaryo mintaqaviy yoʻllarga buyurtmachi xizmati” korxonasi buyurtmachiligida, “Surxondaryo yoʻl qurish-taʼmirlash” korxonasi tomonidan bajarilgan. Termiz transport prokuraturasining buyrugʻi asosida oʻtkazilgan nazorat oʻlchovida bu ishlarda kamchiliklar aniqlanmagan.
Murojaat asosida Shoʻrchi tumani obodonlashtirish boshqarmasi vakillari bilan bilan birga olib borilgan oʻrganishlarda – mahalla hududida jami 13,5 km tuproq yoʻllar mavjudligi aniqlandi. Bu yoʻllarni tosh qoplamaga oʻtkazish, hashar yoʻli bilan taʼmirlash ishlari 2022-yilning noyabr oyida boshlangan boʻlib, bugungi kunda 2 km yoʻlga tosh qoplama yotqizilgan, qolgan 11,5 km yoʻllarda xam hashar yoʻli bilan tosh qoplama yotqizish rejalashtirilgan.
Yana bir holat, yaʼni rost24.uz saytida keltirilgan – umumiy foydalanishdagi davlat ahamiyatidagi 4R-105 «Darband q. - Boysun sh. - Elbayon q.» avtomobil yoʻlining Qumqoʻrgʻon tumani hududidan oʻtuvchi 70-89 kilometrlari taʼmiri boʻyicha quyidagilarni bildiramiz:
Qumqoʻrgʻon tumani hududidan oʻtuvchi 19 km uzunlikdagi avtomobil yoʻli viloyat avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi tomonidan alohida eʼtiborga olingan boʻlib, 2020-2022-yillarda ushbu yoʻlni bosqichma-bosqich joriy taʼmirlash boʻyicha 6,7 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgan. 8,6 km uzunlikdagi yoʻl Boysun tuman yoʻllardan foydalanish korxonasi tomonidan toʻliq taʼmirlangan.
2023-yilda avtomobil yoʻlining taʼmirlanmasdan qolgan 78-89 km oraligʻidan 10 km qismini bosqichma-bosqich taʼmirlash boʻyicha 5,8 mlrd. soʻm mablagʻlar ajratilishi belgilangan. Mazkur mablagʻlar, jumladan, murojaatda qayd qilingan – tumanning “Islomobod” mahallasi hududidan oʻtgan 78-80 kilometrlari qismidagi – oʻtgan yili asos qurish ishlari amalga oshirilgan 2 km qismi uchun sarflanadi.
Eslatib oʻtamizki, ajratilayotgan mablagʻlar eng avvalo, hududda yashovchi aholi tomonidan bildirilayotgan eʼtirozlardan kelib chiqib, yoʻlning oʻta taʼmirtalab qismlariga yoʻnaltiriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring