2022-yil davomida doimiy bandlar soni Kitob, Koson, Mirzaobod, Narpay, Nishon, Furqat tumanlarida kamaygan
Foto: president.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlik va sanoatni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Yaratilgan imkoniyatlarga qaramasdan, ayrim hududlarda aholi bandligini taʼminlash koʻrsatkichlari yaxshi emasligi koʻrsatib oʻtildi.
2022-yil davomida doimiy bandlar soni Kitob, Koson, Mirzaobod, Narpay, Nishon, Furqat tumanlarida kamaygan.
Tegishli viloyat hokimlariga uch kun muddatda ushbu tuman hokimlarga nisbatan chora boʻyicha taklif berish topshirildi.
Xususiy sektorda faoliyat koʻrsatayotgan 232 mingta korxonada ishchilar soni bor-yoʻgʻi 1 nafarni tashkil qiladi. Bu degani, ular haliyam “yashirin iqtisodiyot” sharoitida ishlab, “konvert”da oylik toʻlab kelmoqda.
Bunday holat 47 ta tumanda eng yuqori. Misol uchun, Nukus, Zarbdor, Mirishkor, Muzrabot, Kattaqoʻrgʻon tumanlarida – 80 foiz, Jondor, Koson, Urgut, Pastdargʻom, Uchqoʻrgʻonda – 75 foiz, Guliston, Namangan, Qoʻshkoʻpir tumanlarida – 70 foiz korxonalarda 1 ta ish oʻrni koʻrsatilgan.
Chakana savdo, yoʻlovchi va yuk tashish, qishloq xoʻjaligi xizmatlari, mehmonxona, oshxona, Ay-Ti, avtomobil taʼmirlash kabi faoliyatlar boʻyicha ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga tushirilgan.
Ushbu 47 ta tumandagi korxonalarning yarmidan koʻpi aynan shu faoliyatlar bilan shugʻullanadi.
Lekin, bu tumanlardagi korxonalar adolatli soliq toʻlash va davlat bilan hamkorlikka oʻta olmayapti.
Shuningdek, 25 yoshgacha boʻlganlarni ishga qabul qilganda, tadbirkorlar 6 oy davomida ijtimoiy soliqdan ozod qilindi.
«Bu imtiyozlar aynan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirishga turtki berishga qaratilganku!
Lekin, ushbu tumanlarning hokimi, birinchi oʻrinbosari va soliq rahbari nima bilan band? Nima uchun, 70-80 foiz korxonalarida 1 nafardan xodim ishlayotgani bilan biror marta qiziqib koʻrmagan?», - soʻradi davlatimiz rahbari.
Viloyat hokimlariga masʼul idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda bu 47 ta tumanda soʻrov oʻtkazib, har biriga alohida yondashuvlarni ishlab chiqish topshirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring