2021-yilgi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari asosida Samarqand viloyatida qanday ishlar bajariladi?
Prezident rahbarligida oʻtkazilgan videoselektorda Samarqand viloyatida 717 ta qishloq va 198 ta shahar mahallalari qiyofasini zamonaviy koʻrinishga keltirish, infratuzilmasini yaxshilash va aholi bandligini taʼminlashga 1,6 trillion soʻm yoʻnaltirish rejalashtirilgani maʼlum qilingan edi.
Shu oʻrinda aytish kerakki, Samarqand viloyatiga tarixda buncha mablagʻ ajratilmagan. Shuncha katta mablagʻlar xalqni rozi qilish uchun yoʻnaltirilyapti. Viloyat hokimligi ham Respublikadan ajratiladigan ushbu mablagʻ bilan cheklanib qolmay, bunga qoʻshimcha mahalliy byudjetdan yana mablagʻ yoʻnaltirishni moʻljallagan.
Xoʻsh bu mablagʻlar qaysi yoʻnalishlarga sarflanadi va qanday ishlar amalga oshiriladi?
Bugungi kunda Samarqand viloyatida 5862 kilometr yoki 27 foiz tuproq yoʻllar mavjud. Maʼlum qilinishicha birinchi navbatda ish mana shu yoʻllarga tosh toʻkishdan boshlanadi.
— Viloyatda 7240 kilometr yoʻl asfalt qilingan, bu ishlar yana davom ettiriladi. Yaʼni, 33 foizdan 38 foizga koʻtariladi. Oldin yarim foiz ham oʻzgarish boʻlmagan, — dedi viloyat hokimi Erkinjon Turdimov. — Jami 1039,9 kilometr, shundan 759,3 kilometr asfaltbeton, 280,6 kilometr qum-shagʻal aralashmasi yotqizilib, ichki yoʻllarda qurish va taʼmirlash ishlari bajariladi.
Shuningdek, ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash va oqova suv tizimi obyektlarini qurish va taʼmirlash uchun qiymati 249,8 million soʻmlik 38 ta loyiha amalga oshirilib, 295,2 kilometr tarmoq tortiladi.
Past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilishga 1159,2 kilometr elektr tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish koʻzda tutilgan. 309 ta transformator oʻrnatiladi.
Turizm infratuzilmasini rivojlantirish uchun 8 ta tumandagi 43 ming 444 ta madaniy meros obyekti va ularning hududlari, 38 ming 256 ta turizm va yondosh infratuzilma, 26 ming yoʻl infratuzilmasi, 10 ming 864 ta muhandislik kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va 16 ming 493 ta boshqa tadbirlarni tashkillashtirish rejalashtirilgan.
Tuman markazlari va shaharlarning meʼmoriy qiyofasini zamonaviylashtirish va obodonlashtirish maqsadida 89,7 kilometr yoʻl, 104 ming metr kvadratdan piyodalar va veloyoʻlaklar, 9,3 kilometr irrigatsiya tizimi yangilanadi.
18,1 kilometr gaz tarmoqlari rekonstruksiya va modernizatsiya qilinadi, 83 ta gaz taqsimlash punktlari quriladi va taʼmirlanadi. 2740 aholi suyultirilgan gaz balloni bilan taʼminlanadi.
Aloqa va axborotlashtirish tizimini rivojlantirish uchun 314 kilometr aloqa tarmoqlarini qurish va taʼmirlash ishlari bajariladi, 171 ta bazaviy stansiya modernizatsiya qilinadi.
Qishloq va mahallalarda 63 kilometr piyodalar yoʻlagi tashkil etiladi, 1238 ta tungi yoritish tizimi oʻrnatiladi.
Bundan tashqari hududlarda 17 ta sport maydonchasi barpo etiladi.
4544 ta yakka tartibdagi uy-joylar taʼmirlanadi. 500 ga yaqin yakka tartibdagi uy-joylar quriladi.
31 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 65 ta maktab, 26 ta tibbiyot muassasasida qurilish-taʼmirlash ishlari olib boriladi. Buning uchun 443,2 million soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.
Shu bilan birga 11 tuman-shaharda 21 ta mahalla binosi, Kattaqoʻrgʻon shahar va Bulungʻur tumanida madaniyat markazlari bunyod etiladi.
5 ta tumanda 13 ta avtobekat quriladi. 7 hududda 11 ta yangi jamoat transporti yoʻnalishi tashkil etiladi. 6 ta hududda chiqindixona qurish va ularni taʼmirlash ishlari olib boriladi.
Abdulaziz Yoʻldoshev
("Xalq soʻzi")
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring