2021-yilda energetika sohasini qanday islohotlar kutmoqda?
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomada energetika sohasini rivojlantirish masalalariga alohida toʻxtalib, mazkur yoʻnalishda amalga oshiriladigan loyiha va rejalarni birma-bir sanab oʻtdi. Xususan, iqtisodiy faollik va aholi daromadlari oʻsgani sayin, energiya resurslariga boʻlgan talab ortib borishi, neft-gaz va energetika sohalaridagi islohotlarni va boshlangan yirik loyihalarni yakuniga yetkazish lozimligi taʼkidlandi.
Prezident 2021-yilda davlat va xususiy elektr stansiyalari hamda isteʼmolchilar oʻrtasida elektr energiyasi ulgurji bozori shakllantirilishi, birgina energetika sohasida xorijiy investorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida 6 ta yangi elektr stansiyasini barpo etish ishlari boshlanganini misol tariqasida keltirib oʻtdi.
2021-yil 12-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi tomonidan mamlakatimiz Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqib, “Energetika sohasida xorijiy investorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida yangi elektr stansiyalarini barpo etish ishlarining borishi boʻyicha istiqboldagi rejalar” mavzusida siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari ishtirokida munozara tashkil etildi.
Tadbirga Energetika vazirligi mutasaddilari ham taklif etildi. Unda Murojaatnomada energetika sohasi boʻyicha ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning amaliyotda roʻyobini taʼminlash, jumladan belgilangan loyihalarni toʻliq amalga oshirish mexanizmi va muddatlari, erishiladigan natijalar hamda alohida eʼtibor qaratilishi zarur boʻlgan masalalar batafsil muhokama qilindi.
Respublikamizda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlash hamda aholining energiya resurslariga boʻlgan talabini toʻliq qanoatlantirish maqsadida Energetika vazirligi tomonidan Xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy sarmoyadorlar bilan hamkorlikdagi investitsiya loyihalarini davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida amalga oshirish kabi masalalar deputatlar diqqat markazida boʻldi.
Taʼkidlanganidek, hozirgi kunga kelib, elektr energetikasi sohasida oʻnga yaqin xalqaro hamkorlar bilan qiymati 2 milliard dollardan ortiq boʻlgan shartnomalar imzolangan. Ushbu shartnomalar doirasida Navoiy, Samarqand, Sirdaryo hamda Toshkent viloyatlarida fotoelektr quyosh elektr stansiyasi, bugʻ-gaz elektr stansiyasi va shamol elektr stansiyalari loyihalarini amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, generatsiya quvvatlarini oshirishda eʼlon qilingan tanlovlar boʻyicha quyidagi ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Xalqaro moliya korporatsiyasi va Osiyo taraqqiyot bankining texnik koʻmagida Samarqand, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 600 MVt va qiymati 535 mln. AQSH dollari boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish boʻyicha tender savdolari davom etmoqda. Rejaga koʻra, stansiyalar 2023-yilning birinchi yarmidan toʻliq quvvatda ishlashni boshlaydi va yillik 1,05 – 1,240 mlrd. kVt∙soat qoʻshimcha elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Tadbirda gaz taʼminoti masalalari ham deputatlar eʼtiborida boʻldi. Taʼkidlanganidek, gaz taʼminoti sohasini tubdan takomillashtirish va sohani xalqaro biznes yuritish standartlari darajasiga olib chiqish maqsadida OTB xalqaro konsultanti – Arild Dyrseth (Norvegiya) bilan birgalikda «Oʻztransgaz» AJning Korporativ transformatsiya rejasi va Islohotlar yoʻl xaritasi hamda tabiiy gaz bozorini tashkil etish boʻyicha taklifi ishlab chiqilgan.
Unga koʻra, «Oʻztransgaz»AJni gaz uzatish tizimining yagona operatoriga aylantirish va gaz taʼminoti bozorida erkin raqobat muhitini yaratib, barcha ishtirokchilar (ishlab chiqaruvchi, yirik isteʼmolchilar, treyderlar va xkz) ishtirok eta oladigan Tabiiy gaz birjasini joriy etish koʻzda tutilmoqda.
Shuningdek, Murojaatnomadan kelib chiqqan holda 2021-yil 1-aprelga qadar xaridlar va boshqaruv tizimlarini auditdan oʻtkazish hamda “muvofiqlik tizimi” (komplayens) va korrupsiyaga qarshi xizmatlarni shakllantirishni nazarda tutadigan zamonaviy korporativ boshqaruv tizimi joriy etiladi. Moliyaviy sogʻlomlashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish, 3 yillik biznes-reja hamda oʻrta va uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi nufuzli xalqaro konsalting tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, tashkiliy samaradorlikni oshirish va jarayonlarni optimallashtirish maqsadida xalqaro amaliyotga muvofiq «Oʻztransgaz» AJni gaz uzatish tizimining bosqichma-bosqich sof operatoriga aylantirish amalga oshiriladi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, ishlab chiqaruvchi va importyorlar birja orqali tabiiy gazni sotish va ulgurji isteʼmolchilar tabiiy gazni sotib olish huquqiga ega boʻladi. «Oʻztransgaz» AJ esa faqat gaz transportirovkasi bilan shugʻullanadi.
Deputatlar bunga erishish uchun bir qancha bozor mexanizmlarini nazarda tutuvchi chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligiga eʼtibor qaratdilar. Xususan, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan qator takliflar bildirib oʻtildi.
Tabiiy gazni barqaror va uzluksiz yetkazib berishda bozor mexanizmlariga oʻtish, xizmatlar sifatini yaxshilash, xalqaro biznes amaliyotiga muvofiq tabiiy gaz savdosini erkinlashtirish, tabiiy gaz birjasini tashkil etish va gaz transport tizimini transformatsiya qilish, zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish bilan boshqaruv tizimini yana-da takomillashtirish, tizimni raqamlashtirish va biznes-jarayonlarni avtomatlashtirish kabi masalalar ham ishtirokchilar diqqat markazida boʻldi.
Qizgʻin muhokama va munozaraga boy tarzda oʻtgan tadbir yakunida energetika sohasida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan qoʻmitaning tegishli taklif va tavsiyalari ishlab chiqildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring