2021-yil yanvar oyida Asaka zavodi faoliyati vaqtincha toʻxtatiladi

18:32 23 Dekabr 2020 Iqtisodiyot
3834 0

UzAuto mijozlar tomonidan bildirilgan fikrlar va mulohazalar bilan ishlashni davom ettirmoqda, hamda ijobiy tomonga oʻzgarishlar qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. 

GM kompaniyasidagi hamkorlar bilan samarali ishlar olib borildi, natijada UzAuto Motors rasman BIQ4 (build in quality) sifat standartlari sertifikatini qoʻlga kiritdi. Kelgusi yaqin yillarda DjiEm tizimidagi eng yuqori BIQ NEXT sifat darajasini olish maqsad qilib olindi, deya xabar bermoqda kompaniya rasmiy sayti.

Maʼlum qilinishicha, sifat standartlariga boʻlgan talabning oshishi barcha Chevrolet modellariga bevosita taʼsir qiladi, shu sababli ishlab chiqarishda barcha zarur modernizatsiya jarayonlarini amalga oshirish maqsadida 2021-yil yanvar oyida Asaka zavodi faoliyatini vaqtincha toʻxtatish rejalashtirilgan.

Shu bilan bir vaqtda, respublikamizning barcha hududlaridagi Shevrole dilerlik tarmogʻi yangi standartlarga oʻtkaziladi. Bundan avval dilerlik tarmogʻini Chevrolet brendiga oʻtkazish ishlari eksport bozorlarida boshlangan edi. Bu oʻzgarishlar dilerlik markazlarini yangi Chevrolet brendbukiga muvofiq qayta jihozlashni oʻz ichiga olib, amalga oshirilayotgan ishlarni davom ettirish uchun zarur sharoit boʻlib xizmat qiladi. Yangi standartlarga javob bermaydigan dilerlarning dilerlik shartnomalari bekor qilinadi. Oʻz navbatida, UzAuto Motors yangi xalqaro GM standartlari asosida ishlashga, shuningdek, mijozlar eʼtiborini jalb qilish tamoyillariga muvofiq ishlashga tayyor dilerlarni hamkorlikka taklif qiladi.

Bundan tashqari, dilerlik tarmogʻi tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlarning sifati xam oshiriladi, yuqori darajadagi kafolatlangan xizmat joriy etiladi. Ushbu xizmatlarning sifat darajasi kadrlarni tayyorlash, sodiqlik dasturlarini joriy qilish, mijozlarning fikrlarini oʻrganish va boshqa koʻplab amalga oshirilayotgan ishlar evaziga oshirib boriladi.

SAP (System Analysis and Program Development) dasturiy taʼminotini joriy etilishi esa savdo, xizmat koʻrsatish va marketing jarayonlarini yana-da samarali tashkil etishga imkon beradi.

“Ushbu ijobiy oʻzgarishlarning barchasi kelgusi yilga rejalashtirilgan boʻlib, bu oʻzgarishlardan asosiy maqsad Chevrolet xaridorlari avtomobilni vakolatli dilerlardan sotib olishlari va ularga xizmat koʻrsatish jarayonidan qoniqish hosil qilishlari hamda, oʻzlarini biz uchun eng muhim va qadrli ekanliklarini his qilishlariga qaratilgan”, deyiladi kompaniya xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер