2021-yil hosili uchun qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklari taʼminoti bilan bogʻliq holat qanday?

09:11 28 Aprel 2021 Iqtisodiyot
828 0

Hududlarda 2021-yil hosili uchun sabzavot, poliz va kartoshka ekinlarini ekish hamda zarur miqdorda urugʻliklar bilan taʼminlanishi va joylarda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinmoqda. 

“Oʻzagroinspeksiya” axborot xizmatining maʼlum qilishicha, 2021-yil hosili uchun asosiy maydonlarda 108 ming 726 gektarda sabzavot, 71 ming 506 gektarda poliz va 50 ming 740 gektar maydonda kartoshka ekish rejalashtirilgan boʻlib, ushbu maydonlarda ekish uchun 1 ming 794 tonna sabzavot, 543,4 tonna poliz va 152 ming 220 tonna urugʻlik kartoshka urugʻligi talab etiladi.

«Oʻzagroinspeksiya»ning hududiy boshqarmalari va tuman boʻlimlari inspektorlari tomonidan joriy yilning 22-aprel holatida sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari ekilishi tahlil qilindi.

Tahlillarga koʻra, 73 ming 871 gektarda (68%) sabzavotlar, 36 ming 73 gektarda (50%) poliz va 31 ming 401 gektarda (62%) kartoshka ekinlari ekilganligi aniqlandi.

Jumladan, sabzavot ekish ishlari Jizzax viloyatida 6 ming 448 gektar yoki 85 foiz, Sirdaryoda 7 ming 840 gektar yoki 94 foiz maydonlarda sabzavot ekinlari ekilgan bir paytda, Buxoroda 2 ming 500 gektar yoki 41 foiz, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 3 ming 741 gektar yoki 44 foiz va Xorazm viloyatida 3 ming 624 gektar 57 foiz maydonlarda sabzavot ekilishi taʼminlangan, xolos.

Poliz ekish ishlari Xorazm viloyatida 38 foiz, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Jizzaxda 40 foiz hamda Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida 42 foizni tashkil etmoqda.

Kartoshka ekish ishlari Surxondaryoda 3 ming 970 gektar yoki 96 foiz, Andijonda 3 ming gektar yoki 91 foiz va Buxoroda 500 gektar yoki 94 foiz maydonlarda kartoshka ekish ishlari amalga oshirilgan bir paytda, Fargʻona viloyatida 2 ming 848 gektar yoki 37 foiz, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 1 ming 245 gektar yoki 40 foiz maydonlarda ekish ishlari amalga oshirilgan, xolos.

Bundan tashqari, «Oʻzagroinspeksiya»ning hududiy boshqarmalari va tuman boʻlimlari inspektorlari tomonidan 2021-yil hosili uchun ekiladigan maydonlarda yetishmaydigan urugʻliklarni ekish muddati tugamasdan import qilish choralarini koʻrish boʻyicha mahalliy hokimliklarga ogohlantirishlar berib borilmoqda.

Shuningdek, 2021-yil hosili uchun ekish maqsadida, 1 ming tonna mahalliy sharoitda tayyorlangan va 2 ming 90 tonna respublikamizga importyor korxonalar tomonidan olib kelingan urugʻlik kartoshkalarga muvofiqlik sertifikatini oʻz vaqtida kechiktirmasdan berish boʻyicha “Agrosanoat majmuida xizmatlar koʻrsatish markazi” DUKga topshiriq xatlari yuborilib, bugungi kunda 2 ming 963 tonna urugʻlik kartoshkalardan namunalar olindi va laboratoriya tahlillari oʻtkazildi. Laboratoriya tahlili natijasiga koʻra 2 ming 410 tonna urugʻlik kartoshkalarga muvofiqlik sertifikati berilishi taʼminlandi.

Hukumatning tegishli qarori ijrosi yuzasidan, «Oʻzagroinspeksiya» va uning hududiy boshqarmalari va tuman boʻlimlari sabzavot, poliz va kartoshka ekinlarining ekish mavsumi davomida urugʻliklarni tegishli hujjatlarini mavjudligi, urugʻliklarni navi, avlodi va turi, urugʻliklarni davlat standarti talabi boʻyicha saqlanishi hamda yetkazib berilishi va sifatli ekilishi ustidan nazorat olib borilmoqda hamda inspektorlar tomonidan aniqlangan kamchiliklar boʻyicha inspeksiya vakolati doirasida sohaga aloqador boʻlgan tashkilot rahbarlariga ogohlantirishlar, yozma koʻrsatmalar va maʼmuriy qarorlar qoʻllanilishi taʼminlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер