2020-yilda respublika boʻyicha daraxtlarning noqonuniy kesilishi soni keskin koʻpaygani maʼlum qilindi
Bu haqda bugun Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishida aytib oʻtildi.
Yigʻilishda yalpi majlisga kiritilishi rejalashtirilayotgan qonun loyihalari, qonun tashabbuskorlari va ishchi guruhlari aʼzolari hamda deputatlar ishtirokida har tomonlama va chuqur muhokama qilindi.

Deputatlar mazkur hujjatlarni batafsil tahlil qilgan holda qonun tashabbuskorlari va ishchi guruhlar aʼzolariga, qonun loyihalarini keyingi oʻqishlarga tayyorlash jarayonida yana-da takomillashtirish va maromiga yetkazish boʻyicha oʻz taklif va tavsiyalarini bildirishdi.
Jumladan, fraksiya aʼzolari tomonidan birinchi oʻqishga kiritilayotgan asosiy maqsadi — daraxtlar, butalar va boshqa oʻsimliklarni gʻayriqonuniy ravishda kesish, ularni yoʻq qilish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki koʻchirib oʻtkazish uchun jinoiy va maʼmuriy javobgarlikning muqarrar ekanligi bilan ogohlantirish bilan bu yoʻnalishda profilaktika ishlarini olib borishdan iborat boʻlgan “Oʻsimlik dunyosi obyektlarini muhofaza qilishni takomillashtirish munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi chuqur muhokama qilindi.
Qonun tashabbuskorlari tomonidan qurilish surʼatlari va hajmining ortishi munosabati bilan daraxtlar va butalarning gʻayriqonuniy ravishda kesilishi, amaldagi qonun hujjatlarida javobgarlik belgilanmaganlik uchun keyinchalik kesib tashlash maqsadida daraxtlarni kundakov qilish yoki ularni oʻsishdan toʻxtashgacha shikastlantirish, shuningdek, ularni boshqa joyga koʻchirib oʻtqazish holatlarining oshib borayotganligi alohida qayd etildi. Misol tariqasida 2019-yilda respublika boʻyicha 3 996 ta daraxt noqonuniy kesilgan boʻlsa, 2020-yilning 1-may holatiga bu koʻrsatkich 4 758 tani tashkil etayotganligini taʼkidlandi. Bundan tashqari, daraxt va butalarni gʻayriqonuniy ravishda kesish, ularni kundakov qilish yoki koʻchirib oʻtkazishda maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli boʻlgan ashyoni va maʼmuriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosini musodara qilish kabi jazo turining yoʻqligi sababli, bu boradagi maʼmuriy javobgarliklarning soni yuqoriligicha qolayotganligi, shuningdek, joylarda mansabdor shaxslar tomonidan oʻzlariga foydalanish uchun ajratilgan yoki biriktirilgan daraxtlarni saqlash va muhofaza qilish choralarining koʻrmayotganligi qonun loyihasini qabul qilishga asosiy sabab boʻlayotganligini qayd etishdi.
Shu munosabat bilan qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga davlat ekologik nazoratini amalga oshirish, shuningdek, jismoniy yoki mansabdor shaxslarning ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablarining buzilishini bartaraf etishda javobgarlik doirasini kengaytirish va kuchaytirish, yaʼni jarima sanksiyalarini oshirish taklif qilinmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi daraxtlar, butalar va boshqa oʻsimliklar gʻayriqonuniy kesilishi, kundakov qilinishi, yoʻq qilinishi, shikastlantirilishi yoki boshqa joyga koʻchirilishining oldini olish taʼminlanadi. Shuningdek, mansabdor va jismoniy shaxslarni sohaga oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlik muqarrar ekanligini taʼminlash orqali uning oldini olishga, oʻsimlik dunyosi obyektlarini saqlashga eʼtiborni kuchaytirish bilan huquqbuzarliklarning miqdor jihatdan kamayishiga, oʻsimlik dunyosini muhofaza qilishni tartibga solish boʻyicha turli qonun hujjatlari normalarining oʻzaro muvofiqligini taʼminlashning imkonini berishini inobatga olgan holda deputatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.
Kun tartibidagi barcha masalalar fraksiya va qoʻmita aʼzolari tomonidan koʻrib chiqilgach bir ovozdan maʼqullandi va fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring