200 nafar yoshlar uchun Prezident granti joriy qilindi
“Respublika oliy taʼlim muassasalariga talabalikka qabul qilingan iqtidorli yoshlarni yana-da qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–5172-son, 06.07.2011-y.) qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qarorga koʻra, 2021/2022 oʻquv yilidan davlat OTM bakalavriatining kunduzgi taʼlim shakliga kirish imtihonlarida (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) eng yuqori ball toʻplagan 200 nafar yoshlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti granti joriy qilindi.
Prezident granti uchun ajratilgan kvotaning taʼlim sohalari boʻyicha taqsimoti har yili taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Muayyan taʼlim sohasi uchun ajratilgan Prezident granti kvotasi boʻyicha soʻnggi oʻrindagi abituriyent va u bilan bir xil ball toʻplagan barcha fuqarolar Prezident grantiga daʼvogar boʻladi.
OTMga oʻqishga kirishda qoʻshimcha ball shaklida imtiyoz beriladigan toifadagi abituriyentlarning kirish imtihonlari natijalariga koʻra toʻplagan baliga qoʻshib berilgan ballar Prezident grantiga daʼvogarlarni aniqlashda hisobga olinmaydi.
Prezident grantiga daʼvogar abituriyentlar davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.
Prezident granti sovrindorlari birinchi kursda barcha fanlarni “aʼlo” baholarga oʻqigan, maʼnaviy-maʼrifiy va ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlarida yutuqlarga erishgan mazkur grantga daʼvogar talabalar orasidan tanlov asosida aniqlanadi.
Tanlov natijalariga koʻra gʻolib boʻlgan talabalarga Prezident davlat stipendiyasi tayinlanadi.
Bunda talabaga Prezident granti uchun belgilangan stipendiya ikkinchi kursning oʻquv yili boshidan oyma-oy toʻlanadi va shu munosabat bilan unga umumiy shartlarda belgilanadigan stipendiya tayinlanmaydi.
Oʻquv semestri yakuniga koʻra kamida bitta fandan oʻzlashtirish koʻrsatkichi “aʼlo” baho boʻlmaganda, Prezident granti sohiblariga kelgusi oʻquv semestri mobaynida umumiy tartibda belgilanadigan stipendiya tayinlanadi.
Navbatdagi oʻquv semestri yakuniga koʻra barcha fanlar boʻyicha oʻzlashtirish koʻrsatkichi faqat “aʼlo” baho boʻlganda, Prezident granti uchun belgilangan stipendiya qayta tayinlanadi.
Oʻqish yakuniga qadar Prezident grantini uzluksiz olgan talabalar bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos va turdosh mutaxassislik boʻyicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz qoʻshimcha davlat granti asosida talabalikka qabul qilinadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring