2 mingdan ortiq norasmiy ishlovchi fuqarolar faoliyati qonuniylashtirildi
Foto: Xalq so‘zi
Mamlakatimizda biznesga qoʻshimcha qulayliklar yaratish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish, ayniqsa, savdo va umumiy ovqatlanish, uy-joy qurilishi va taʼmirlash, turar joy xizmatlarini koʻrsatish kabi sohalarda norasmiy band fuqarolar manfaatlarini himoya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2020-yil 30-oktyabrdagi “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni joylarda bu boradagi ishlarni jadallashtirishda muhim dasturilamal boʻlmoqda.
Xususan, ushbu hujjat ijrosi doirasida Andijon viloyati Baliqchi tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan tadbirkorlik subyektlarida olib borilgan oʻrganishlar davomida 2 ming 76 nafar fuqaroning faoliyati qonuniylashtirildi.
— Sohada «tadbirkorbay» ishlash tizimining joriy etilishi koʻplab muammolarning ijobiy yechimini taʼminlashga asos boʻlmoqda, — deydi Baliqchi tuman DSI boshligʻi Tolibjon Karimov. — Natijada ishbilarmonlarni qiynab kelayotgan masalalar oʻrganilib, ularning faoliyatini shakllantirish asoslari yaratilyapti. Jumladan, dastlabki buxgalteriya hisobini yuritish, qoʻshimcha qiymat soligʻi guvohnomasini olish, hisobotlarni topshirish, avtomatlashtirilgan dasturdan foydalanish, imtiyozlarni qoʻllash kabi yoʻnalishlarda samarali natijalarga erishmoqdamiz.
Amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar natijasida tumanda ortda qolgan 11 oy davomida 846 ta tadbirkorlik subyektlariga amaliy yordam koʻrsatilgan boʻlsa, 578 nafar tadbirkorlarning ilk faoliyatlarini yoʻlga qoʻyishlarida tushuntirish ishlari olib borildi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring