19-martdan Toshkentdagi avtobuslar harakati koronavirus sabab kamaytiriladi
Arxiv surat
Ayni kunda Oʻzbekistonda karantin eʼlon qilingan boʻlib, ushbu vaqtda virusning keng tarqalmasligi uchun barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Toshkent shahriga kelib ishlayotgan, taʼlim olayotgan yurtdoshlar va xorijiy mehmonlarning poytaxtda boʻlishlari vaqtincha cheklanmoqda. Bu esa faoliyati jamoatchilik bilan aloqador boʻlgan sohalarga oʻz taʼsirini oʻtkazmoqda, deb xabar berdi “Toshshahartransxizmat”.
Jumladan, jamoat transportida yoʻlovchi oqimining keskin qisqarishi natijasida tigʻiz vaqtlardan tashqari avtobuslarning yoʻnalishlarda yoʻlovchisiz harakatlanishi kuzatilmoqda. Bu oʻz-oʻzidan transport vositalarining sababsiz yemirilishiga, yoqilgʻi-moylash mahsulotlarining samarasiz sarflanishiga sabab boʻlmoqda.
Ana shu jihatlarni inobatga olib, “Toshshahartransxizmat” AJ tasarrufidagi yoʻnalishlarda qatnayotgan avtobuslar harakat jadvaliga vaqtinchalik oʻzgartirishlar kiritildi. Xususan, 2020-yilning 19-martidan boshlab yoʻlovchi oqimi keskin kamaygan vaqtlar — soat 10:00 dan 16:00 ga qadar avtobuslar harakati oraliq intervallari uzaytirilmoqda.
Bundan maqsad — transport vositalaridan samarali foydalanishdir. Vaqtincha yuzaga kelgan bunday noqulaylik uchun uzr soʻraymiz, deyilgan “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmatining xabarida.
18-mart holatiga koʻra, Oʻzbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 18 nafarga yetgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring