16-martdan konsertlar va madaniy tadbirlar nomaʼlum muddatga qoldiriladi
Arxiv surat
16-martdan boshlab Oʻzbekistonda konsert dasturlari nomaʼlum muddatgacha toʻxtatiladi. Bu haqda “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi rahbari Odiljon Abduqahhorov.
“16-mart sanasidan boshlab rejalashtirilgan barcha konsert dasturlari toʻxtatiladi. Konsert dasturlarining qachon davom etishi karantin muddatining natijalariga bogʻliq”, – deyiladi Odiljon Abduqahhorovning bildirishida.
Maʼlum qilinishicha, “Million” jamoasining 28-mart ― 2-aprel kunlariga rejalashtirilgan konsert 27-iyun ― 6-iyul kunlariga koʻchirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Yulduz Usmonovaning 25-mart ― 3-aprel sanalarida boʻlib oʻtishi kutilgan konsert dasturining oxirgi seansi bugun, yaʼni 15-mart kuni boʻlib oʻtadi, qolgan qismi nomaʼlum muddatga qoldiriladi.
“Konsert dasturlarining koʻchirilgan sanasi haqida qoʻshimcha maʼlumotlar eʼlon qilinadi, xarid qilingan chiptalar oʻz kuchida qoladi”, dedi Abduqahhorov.
Estrada xonandalarining “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyi, “Turkiston”, “Zarafshon” va boshqa konsert zallarida oʻtkaziladigan konsert dasturlari, viloyatlar, tumanlar va barcha hududlarda ommaviy tadbirlar vaqtincha qoldirilishini Madaniyat vazirligi axborot xizmati ham tasdiqladi.
30-31-mart kunlari Xivaning “Turk dunyosi madaniyati poytaxti”, 14-17-aprel kunlari Buxoroning “Islom madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilinganiga bagʻishlangan tadbirlar, 21-27-mart kunlari boʻlib oʻtadigan “Teatr haftaligi” tadbirlari rasman bekor qilinadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring