14 ta muzeyning 3 mingdan ziyod nodir va noyob madaniy boyliklari talon-taroj qilingan
Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati
Joriy yilning 14-noyabr kuni Senatning navbatdagi yalpi majlisi oldidan Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda senatorlar, Vazirlar Mahkamasi vakillari, ekspertlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashining yoshlar masalalariga masʼul doimiy Komissiya raislari, vazirlik va idoralar masʼullari, Yoshlar parlamenti aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Dastavval 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022-yilning 9 oyi yakuni boʻyicha bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama qilindi.
Hukumat vakillari tomonidan davlat dasturi ijrosi yuzasidan atroflicha maʼlumotlar berildi.
Senatorlar davlat dasturidagi ayrim vazifalar ijrosi kechikayotganiga eʼtibor qaratishdi. Xususan, tasviriy va amaliy sanʼat hamda dizayn yoʻnalishlarida yetuk mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, kinoshaharlarni barpo etish borasidagi ishlarni yanada jonlantirish lozimligi alohida taʼkidlandi.
Majlisda “Muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini taʼminlash choralari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisida”gi masala ham muhokama etildi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda bugungi kunda faoliyat olib borayotgan 48 ta davlat muzeyi va ularning 73 ta filialida qariyb 2,5 mln muzey ashyolari va kolleksiyalari saqlanmoqda. Shuningdek, 6 ta nodavlat muzey faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ularda jami 25 mingga yaqin muzey ashyolari va kolleksiyalari mavjud. Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari soni 1,3 millionni tashkil etmoqda.
Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini taʼminlash sohasida ayrim hal qilinishi lozim boʻlgan masalalar dolzarbligicha qolayotgani taʼkidlandi.
Xususan, sohani tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda nomuvofiqliklar mavjud. 2008-yil 12-sentyabrda qabul qilingan “Muzeylar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida Madaniyat vazirligi muzeylarni boshqarish sohasidagi vakolatli davlat organi sifatida qayd qilingan. Biroq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PF–6199-sonli Farmoni bilan Madaniyat vazirligi tizimidagi davlat muzeylari, muzey qoʻriqxonalari va uy muzeylari, moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligiga oʻtkazilgan.
Shuningdek, muzeylar faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar tarqoq holda boʻlib, ularning soni 100 dan ortiqni tashkil etmoqda.
Hukumat tomonidan tasdiqlangan Nizomga koʻra milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini hisobga olish va saqlash tartiblari belgilangan, xolos. Biroq Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilmagan 1,2 millionga yaqin muzey ashyolari va kolleksiyalarini hisobga olish va saqlashning aniq tartiblari mavjud emas.
Shu kabi muammo va kamchiliklar muzeylardan koʻplab noyob eksponatlar oʻgʻirlanishi yoki qalbakisiga almashtirib qoʻyilishiga olib kelmoqda.
Jumladan, respublika boʻyicha 14 ta muzeyning 3 mingdan ziyod nodir va noyob madaniy boyliklari talon-taroj qilingan.
Umuman, 30 yilda madaniy meros obyektlariga yetkazilgan zarar miqdori 4 trln soʻmdan oshgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini taʼminlash borasida olib borilgan profilaktik ishlar, koʻrilgan choralar hamda koʻzda tutilayotgan rejalar toʻgʻrisida yozma ravishda asoslantirilgan tushuntirish berish talabi qoʻyilgan parlament soʻrovini yalpi majlis muhokamasiga olib chiqish masalasi Qoʻmita aʼzolari tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.
Majlis yakunida kun tartibidagi masalalarga doir Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring