14-iyun — Butunjahon donorlar kuni
Maʼlumki, 2005-yil may oyida Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Xalqaro Assambleyasida dunyo davlatlari sogʻliqni saqlash vazirlari yakdillik bilan begʻaraz qon donorligini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi taklifni maʼqullagan edi.
Shundan buyon har yili “14-iyun — Butunjahon donorlar kuni” sifatida keng nishonlanadi. Yurtimizda ham ushbu sanaga bagʻishlangan turli tadbirlar, xayriya aksiyalari oʻtkazish ezgu anʼanaga aylangan.
Maʼlumotlarga koʻra, har bir mamlakat oʻz aholisining qonga boʻlgan talabini qondirish uchun 1000 nafar kishiga donorlar soni 30 nafar va undan ortiq boʻlishi, qon komponentlari bilan taʼminlash uchun esa donorlar soni har 1000 nafar kishiga 10 nafar yoki aholi soniga nisbatan 1 foizni tashkil etishi zarur.
Oʻzbekistonda esa bu raqam 5 nafarga toʻgʻri keladi. Agar mazkur koʻrsatkich 10 nafarga oshsa, xalqimizning qonga boʻlgan talabi 100 foizga qoplanadi. Agar 50 nafar odam qon topshirsa, nafaqat talab qondiriladi, balki qon plazmasini qayta ishlash orqali albumin, immunglobulin kabi dori preparatlari tayyorlash mumkin.
Shu oʻrinda qisqacha maʼlumot: 2020-yil yurtimizda 95,5 tonna sof qon tayyorlangan boʻlsa, bu raqam 2019-yilda 96,5 tonna, 2018-yilda esa 85,2 tonnani tashkil etdi. 2021-yilda esa tibbiyot muassasalariga 113 tonna sifatli qon yetkazib berildi.
Mamlakatimizda 18 yoshdan 60 yoshgacha, vazni 50 kilogrammdan yuqori, gemoglabin miqdori meʼyorida boʻlgan (erkaklarda 128 g/l, ayollarda 120 g/l) har bir shaxs donor boʻlishi va yiliga 4-marta qon topshirishi mumkin. Har bir topshirilgan qonning maksimal miqdori 450 millilitrga teng.
Taʼkidlash lozimki, koronavirus pandemiyasi davrida butun dunyoda boʻlgani kabi yurtimizda ham donorlar soni keskin kamayishiga sabab boʻldi. Oqibatda ogʻir bemorlarning donorlik qoniga boʻlgan talabi sezilarli darajada oshdi.
Qolaversa, soʻnggi yillarda yurtimizda noyob yurak operatsiyalari, inson tana aʼzolarini koʻchirib oʻtkazish kabi murakkab jarrohlik amaliyotlarining yoʻlga qoʻyilishi hamda xavfli kasalliklar diagnostikasining yaxshilanishi sababli sifatli qon komponentlariga boʻlgan ehtiyoj yanada ortdi.
Shu sababli joriy yil mart oyida Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan “Qon topshir – hayot inʼom et!” xayriya aksiyasi oʻtkazildi va unda tibbiyot xodimlari birinchilardan boʻlib qon topshirdi.
Quvonarlisi, ushbu tadbir qisqa vaqt ichida yurtimiz boʻylab keng quloch yozib, vazirlik va idoralar xodimlari, mahalliy boshqaruv organlari rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Aytish joizki, mamlakatimizda oʻz qonini kamida 40-marta, qon komponentlarini 60-marta topshirgan kishilar faxriy donor hisoblanadi. Yurtimizda ana shunday mehrli va qalbi ezgulikka toʻla insonlar “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni va bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring