1112 nafar talaba moddiy qoʻllab-quvvatlandi
Foto: "Xalq so'zi"
Hozirgi kunda Namangan muhandislik-texnologiya institutida qariyb 8000 nafarga yaqin talaba tahsil olayotir. Ularni qoʻllab-quvvatlash borasida institutda muntazam ravishda turkum loyihalar oʻtkazilib boriladi. Bugun institutning faollar zalida tengdoshlariga har tomonlama oʻrnak boʻlayotgan iqtidor egalari, Yoshlar ittifoqi faollari, kam taʼminlangan oilalar farzandlari, “Temir daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Ayollar daftari” roʻyxatlarida turadigan talabalar, imkoniyati cheklangan, chin yetim va boquvchisini yoʻqotgan yigit-qizlarning bir guruhiga moddiy ragʻbatlantirish sertifikatlari topshirildi. Taqdirlangan talabalarning aksariyati bir oylik stipendiya miqdoridagi mablagʻga sazovor boʻlsalar, turli tanlov va loyihalarda faol ishtirok etib, yuksak natijalarni qoʻlga kiritganlar, “Yil talabasi - 2021” tanlovi gʻoliblariga stipendiya miqdorining oʻn barobarigacha moddiy ragʻbatlantirish uchun vaucherlar taqdim etildi.
— Hafta men uchun kutilmagan xushxabar bilan boshlandi. Ertalabdan dekanatdan qoʻngʻiroq qilib, taqdirlanganlar orasida men ham borligimni aytishdi. Institutimiz rektoridan sertifikatni qabul qilib oldim. Bu juda quvonchli. Birinchi bosqichda oʻqiyotgan talabaga bunday eʼtibor, ochigʻi, zoʻr motivatsiya berar ekan. Endi sport sohasida ham katta natijalarni qoʻlga kiritib, institutimiz ravnaqi uchun oʻz hissamni qoʻshmoqchiman, — deydi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari texnologiyasi fakulteti talabasi Gulshoda Ahmadjonova.
Aytish kerakki, ushbu loyiha doirasida birgina mazkur institutning oʻzida talabalarni moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi hisobidan 686 million soʻm mablagʻ ajratildi. Shuningdek, joriy oʻquv yilida 76 nafar talaba-yoshlarning kontrakt mablagʻlari homiylar hisobidan qoplab berilgan boʻlsa, yana 56 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarining kontrakt mablagʻlari institut hisobidan toʻlandi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring