11 ming tonnaga yaqin qovun xorijga eksport qilindi
Foto: Xalq so'zi
Soʻnggi yillarda mamlakatimiz poliz mahsulotlarining eksport hajmi ortmoqda. Xususan, Sirdaryoda ham bu borada oʻsish kuzatilyapti. Masalan, joriy yilning 9 oyida 10 ming 883 tonna qovun xorij bozorlariga yetkazib berildi.
Eʼtiborlisi, mashhur Mirzachoʻl qovunlarining eksport joʻgʻrofiyasi ancha kengaydi. Yaʼni bugun ushbu roʻyxatda Germaniya, Gretsiya, Latviya, Litva, Rossiya, Moldova, Polsha, Belorussiya, Qozogʻiston va boshqa davlatlar bor.
Eksport koʻlamini kengaytirishda navlarini tanlash, uzoq yoʻlga chidamli va ekologik toza mahsulot yetishtirish kabi omillarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
— Qovunni chetga eksport qilishdan oldin uning fitosanitar holati Oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan koʻzdan kechiriladi,- deydi Sirdaryo viloyati oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasining chegara maskani inspektori Mustaqim Ismoilov.— Shu bilan birga urugʻ yerga tushgandan boshlab “Karantin xizmati –dehqonga koʻmakchi” tamoyili doirasida dehqonlarga yaqindan koʻmak berib kelmoqdamiz. Buning natijasida ular fitosanitar va albatta, eksport talablariga toʻliq javob beradigan poliz mahsulotlari yetishtirish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
Shuningdek,Sirdaryo viloyatining Xovos va boshqa tumanlaridagi bir necha mahallalarda mahalliy bozor va eksport uchun qovun qoqi tayyorlash keng yoʻlga qoʻyilgan. Qolaversa, ushbu poliz mahsulotining urugʻi ham qayta ishlash sanoati uchun xomashyo sifatida xorijiy xaridorlar tomonidan sotib olinmoqda.
Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring