10-aprelgacha Oʻzbekistonga qaytmaganlar fuqarolikdan mahrum qilinadimi?
arxiv foto
Ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston Prezidenti 31-mart kuni yigʻilish oʻtkazgani va barcha fuqarolarni 10-aprelga qadar vatanga qaytarish toʻgʻrisida farmon imzolagani, vatanga qaytishni istamaganlar Oʻzbekiston fuqaroligidan mahrum qilinishi haqida xabarlar tarqalmoqda. Mazkur xabarlar yuzasidan Tashqi ishlar vazirligi munosabat bildirdi.
Taʼkidlanishicha, vazirlikka, chet eldagi, ayniqsa qoʻshni mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalarga ham shu mavzuda koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda.
“Davlat rahbari, Hukumat, Respublika maxsus komissiyasi tomonidan fuqarolarimizning kundalik hayoti bilan bogʻliq barcha muhim siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy masalalar boʻyicha qabul qilingan qarorlar jamoatchilikka rasmiy axborot resurslari orqali yetkaziladi. Ushbu xabar esa hech bir rasmiy manbalarda eʼlon qilinmagani sababli haqiqatga toʻgʻri kelmasligini maʼlum qilamiz.
Fuqarolardan asossiz xabarlarni tarqatmasliklarini, ijtimoiy tarmoqlardagi biror maʼlumotni boʻlishishdan oldin uni rasmiy manbalar orqali tekshirib koʻrishlarini soʻraymiz”, deyiladi xabarda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring