1-iyundan ayrim tadbirkorlar soliqlarni boʻlib-boʻlib toʻlashi mumkin
Joriy yilning 21-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, ishbilarmonlik muhitini yana-da yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan tadbirkorlik subyektlarini uzliksiz faoliyat koʻrsatishlari uchun yana-da qulay sharoit yaratish maqsadida, soliq majburiyatlarini bajarishda imtiyozlar taqdim etilmoqda.
Xususan 2021-yil 1-iyundan soliq qarzini toʻlash imkoniyatiga ega boʻlmayotgan tadbirkorlik subyektlariga soliqlarni boʻlib-boʻlib toʻlash huquqi berish nazarda tutilmoqda. Ushbu imtiyoz uch yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat koʻrsatayotgan hamda soliqlarni muddatida toʻlab kelgan xoʻjalik subyektlariga tatbiq etiladi.
Tahlillarga koʻra, soliq toʻlovchi yuridik shaxslarning 201,3 mingdan ortigʻi (67,7%) uch yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
Ular bilan oʻtkazilgan muloqotlar natijasida 43,5 mingtasining muammolari segmentlab olindi. Shundan 13 mingtasi bevosita byudjet bilan munosabatlarini optimallashtirishni soʻragan.
Maʼlumot uchun: Oʻtgan yili pandemiya oqibatlarini yumshatish maqsadida, Prezidentimizning tegishli farmonlari bilan tadbirkorlik subyektlariga 7,7 trln. soʻmdan ortiq soliq imtiyozlari va yengilliklar berilgan edi. Jumladan, 224 mingta subyektning 1,3 trln. soʻmlik soliq qarzini majburiy undirish choralari toʻxtatib turildi.
Bunga javoban tadbirkorlik subyektlari soliqlarining 95 foizini ixtiyoriy ravishda oʻz muddatida toʻlagan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring