1-dekabrdan nimalar oʻzgaradi?
Ushbu savolga Adliya vazirligi tomonidan quyidagicha javob berildi:
Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolati jinoyat ishlari boʻyicha sudlar vakolatiga oʻtkaziladi.
Prezident farmoniga asosan, 2020-yil 1-dekabrdan boshlab maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolati jinoyat ishlari boʻyicha sudlar vakolatiga oʻtkaziladi.
Shuningdek, huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxs tomonidan MJTKning tegishli moddasi sanksiyasida nazarda tutilgan jarimani sud va vakolatli idoralarda ish koʻrilgunga qadar ixtiyoriy toʻlashni ragʻbatlantirish tizimi joriy etiladi.
Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi tashkil etiladi.
Prezident qaroriga binoan Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida davlat tibbiy sugʻurta tizimini yoʻlga qoʻyish belgilandi. Ushbu tizim doirasida Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi tashkil etiladi.
Quyidagilar Jamgʻarmaning asosiy vazifalari etib belgilandi:
davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini joriy etish, boshqarish hamda ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni taʼminlash;
aholining barcha qatlamlarini kafolatlangan paket doirasida sifatli va zarur tibbiy yordam bilan taʼminlash maqsadida tibbiy xizmatlar strategik xaridi tizimini joriy etish;
tajriba-sinov loyihasi doirasida Davlat byudjetidan kafolatlangan paketni moliyalashtirish maqsadida ajratiladigan mablagʻlarni jamlash, boshqarish, ularning maqsadli va samarali sarflanishini tashkil etish;
tajriba-sinov loyihasining natijalariga koʻra, davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini respublikaning boshqa hududlarida bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish.
Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi elchixonasida savdo va iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchi lavozimi joriy etiladi.
“Afgʻoniston Islom Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni yana-da kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Afgʻoniston Islom Respublikasidagi elchixonasi shtatlar jadvaliga mehnatga haq toʻlash fondiga tegishli oʻzgartirishlar kiritgan holda savdo va iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchi lavozimi kiritiladi.
Jismoniy tarbiya va sport universiteti tomonidan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat tashkilotlari hamda uyushmalar ustidan oʻquv va ilmiy-uslubiy rahbarlik yoʻlga qoʻyiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti respublikadagi barcha jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat tashkilotlari hamda sport federatsiyalari (uyushmalari) faoliyati ustidan oʻquv va ilmiy-uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi xizmat itlari bilan taʼminlanadi.
“Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident qaroriga koʻra, Davlat bojxona qoʻmitasi hamda Ichki ishlar vazirligi Inspeksiya ehtiyojlaridan kelib chiqib, yiliga 5 tadan oʻsimliklar karantini sohasidagi oʻziga xos “detektor”lar – xizmat itlari hamda 5 nafardan kinologlar tayyorlab berilishini taʼminlaydi.
Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimi joriy etiladi.
Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini baholash boʻyicha test sinovlarini oʻtkazish va sertifikatlash quyidagi muddatlarda joriy etiladi:
2020-yil 1-dekabrda ona tili va adabiyot (oʻzbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) hamda matematika fanlari boʻyicha;
2021-yil 1-fevralda kimyo va biologiya fanlari boʻyicha;
2022 — 2024-yillarda fizika, geografiya va tarix fanlari boʻyicha.
Maʼlumot uchun, hukumat qarorida 2021/2022 oʻquv yili qabulidan boshlab tegishli umumtaʼlim fanini (chet tili bundan mustasno) bilish darajasi toʻgʻrisida davlat namunasidagi sertifikatga ega boʻlgan abituriyentga sertifikatdagi oʻzlashtirish foiziga mos ravishda oliy taʼlim muassasasi bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish boʻyicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball berish tartibi joriy etilishi belgilangan.
Atrof muhitga salbiy taʼsir koʻrsatadigan, moʻljallanayotgan va rejalashtirilayotgan ayrim faoliyat turlari boʻyicha jamoatchilik eshituvlari oʻtkaziladi
Qarorga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda atrof muhitga salbiy taʼsir koʻrsatadigan I va II toifalarga mansub boʻlgan moʻljallanayotgan va rejalashtirilayotgan faoliyat turlari boʻyicha jamoatchilik eshituvlari oʻtkaziladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring