Jumabay Jirov qoʻbiz chertganda...
Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Milliy xalq ogʻzaki ijodini oʻzida mujassam etgan dostonlarni, termalarni va aytishuvlarni kuylovchini xalqimiz baxshi-jirov deydi. El-ulusning sevimli baxshisi Jumabay Bazarovga ilk bor “Oʻzbekiston xalq baxshisi” yoki “Qoraqalpogʻiston xalq jirovi” unvoni berilganini koʻpchilik bilmasa kerak. Buni hatto internetdan ham axtarib topolmaysiz. Faqat “Xalq soʻzi” gazetasining 2000-yilgi taxlamlaridagina oqinga berilgan faxriy unvon haqida maʼlumot berilgan.
Jumabay Bazarov 1927-yilda Turkmaniston Respublikasi “Koʻhna Urganch” tumanidagi “Qaraqushli” qishlogʻida tugʻilgan. Keyinchalik oilasi bilan Bazarbay tumanidagi Narimanov nomli maktabga 1-sinfga oʻqishga boradi.
U maktabda 7-yil tahsil olgach, otasi taniqli baxshilardan biriga shogirdlikka beradi. Boʻlajak xalq baxshisi 1950-yilgacha Yesemurat jirov Nurabillayevdan qoʻbiz chalish, dostonlarni yod olishni, baxshichilikning sir-asrorlarini qunt bilan oʻrganadi.
Keyinchalik Jumabay jirov ustozidan oʻrgangan dostonlarni toʻyu bayramlarda ijro etib yuradi. 1969-yildan boshlab Jumabay jirov Shumanay tumani madaniyat boʻlimida oʻz faoliyatini boshlaydi. Yetmishinchi yillardan boshlab, Qoraqalpogʻiston va Oʻzbekiston koʻlamida oʻtkazilgan tanlovlarda faol ishtirok etadi.
Jumabay jirov 1993-yili Moskvada oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan talaba yoshlarning “Navroʻz” milliy bayramida qatnashadi. 1994-yili Turkmaniston Respublikasida “Ashыq aydыn pir”ga bagʻishlangan Ilmiy-amaliy anjumanda ishtirok etadi. Olmaotaliklar bu baxshining ovoziga mahliyo boʻlib, anjumanlarga bir necha marta taklif qiladi.

1980-yil 12-sentyabrda Toshkent shahrida oʻtkazilgan III-Butunittifoq turkologiya konferensiyasida qoraqalpoq dostonlarini ijro etadi. Anjumanda Amerika Qoʻshma Shtatidan kelgan tadqiqotchi-professor Elza Lauze-Sirtatel jirov ijro etgan bir nechta dostonlarni tasmaga yozib, uni oʻz eliga borib eshittiradi.
Baxshining nafaqat Oʻrta Osiyoda, balki Yevropa davlatlarida ham muxlislari, uning ijodini yuksak eʼtirof etgan olimlar koʻp. Masalan, 1981-yil Germaniyaning Bonn universiteti professori Karl Rayxl ataylab Qoraqalpogʻistonga tashrif buyuradi. Jumabay jirovga bir necha dostonlarni ijro qildirib, ulardan parchalar yozib oladi. Keyinchalik ushbu olim Jumabay jirov haqida uch tilda kitob nashr qiladi.
Shumanay tumanining markazida joylashgan sanʼat maktabiga Jumabay jirovning nomi berilgan. Hozirda 300 nafardan ortiq oʻquvchi taʼlim olayotgan bu dargohda milliy musiqa asboblari, fortepyano, xoreografiya, tasviriy sanʼat kabi oʻndan ziyod yoʻnalishda dars oʻtiladi. Muassasa oʻquvchilari mamlakatimizda oʻtkazilgan koʻplab koʻrik-tanlovlarda faxrli oʻrinni egallab kelmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-maydagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasida madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2022-yildan boshlab har ikki yilda bir marta Oʻzbekiston xalq baxshisi, Qoraqalpogʻiston xalq jirovi Jumabay jirov Bazarov xotirasiga bagʻishlab “Jirovlar tanlovi”ni oʻtkazish belgilangan.

Buni qarangki, Xalq baxshisi Jumabay Bazarovning kenja oʻgʻli Tobanazar Bazarov ham Bolalar musiqa va sanʼat maktabida bolalarga saboq berib kelmoqda.
– Surxondaryoda “Alpomish” dostonining 1000-yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda otam bilan sahnada doston ijro etganman, – deydi T. Bazarov. – Mazkur festivalda otam birinchi oʻrinni egallagan. Bu yuksak ragʻbat qoraqalpoq baxshi-jirovlariga berilgan yuksak baho edi. Shu yili Jumabay jirov xotirasini ulugʻlash boʻyicha oʻtkazilgan tanlovning respublika bosqichida shogirdim Azamat Jumamuratov 3-oʻrinni egalladi. Bunday tanlovlarning oʻtkazilishi baxshichilik sanʼatining davom etishi, yosh jirov va baxshilar oʻzlarining isteʼdodlarini yuzaga chiqarishda koʻmak beradi.
– Baxshichilik sanʼatining rivojlanishi milliy soz-asboblarini yasovchi ustalar ishi bilan uzviy bogʻliq, – deydi shumanaylik usta hunarmand Nazarbay Qidirimbetov. – Men dastlab Xalq baxshisi Jumabay Bazarovdan, hozirgi paytda uning farzandlari, shogirdlaridan qoʻbiz sozini ishlashda maslahatlashib, jirovning ovoziga moslab yasashga harakat qilganman. Qoʻbizning barcha ishlari qoʻl mehnati bilan ishlanadi. Unga yogʻochni, hayvon terisini, ot yolini tanlab, talab darajasida mahorat bilan ishlanmasa, sozdan ovoz chiqmasligi, baxshi ovoziga mos kelmasligi mumkin. Shu bois baxshilar bilan usta hunarmandlar har doim hamkorlikda ishlasa, yaxshi natijalarga erishadi.
Baxshichilik rivojiga ulkan hissa qoʻshgan, qoraqalpoq jirovchilik sanʼatini dunyoga tanitishga munosib hissa qoʻshgan Jumabay Bazarov 79 yoshida bu yorugʻ olamni tark etdi. Mashhur jirovning “Shariyar”, “Qoblan”, “Yedige”, “Ormanbet biy” hasrati, “Ota darkor yigitga”, “Anda alle minda bar”, “Ne jaman” kabi termalari hozirgi kunda radio va televideniyaning oltin fondlarida saqlanib kelmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring