Joʻrayevlar ishi boʻyicha sudya va sud qarorini qoralagan blogerga nisbatan chora koʻriladi
Daʼvogar Botir Qodirovning javobgarlar – Joʻrayevlarga nisbatan “otalik faktini belgilash”ga doir fuqarolik nizosi boʻyicha sud jarayoni boshlanganidan to hal qiluv qaroriga qabul qilingunicha keragidan ortiq muhokamalar boʻldi. Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan notoʻgʻri va boʻrttirib talqin qilinayotgan xabarlar yuzasidan tushuntirish berdi.
“Suddan keyin taraflar va ularga xayrixohlar oʻrtasidagi «virtual musohabalarda” ishni birinchi bosqich sudida koʻrib chiqqan sudya shaʼniga nomaʼqul va asossiz taʼnalar aytish holatlari ham uchramoqda. Xususan, bloger J. Hamrayev ijtimoiy tarmoq orqali chiqishida daʼvogar “qoʻli uzun ekani” haqidagi gapini eslatib, goʻyoki “…uning uzun qoʻllari sudyagacha yetib borgani”ni ochiq iddao qilgan. Bundan tashqari sudya tomonidan marhum sanʼatkor vafoti sanasini notoʻgʻri aytilgani-yu sud qarorini oʻqish paytidagi biroz hayajonini “bu ne koʻrgulik?!” deb, vaziyatni boʻrttirishga uringani koʻrinadi. Eng yomoni, uning iddaolari ish boʻyicha javobgar tarafning ijtimoiy tarmoqdagi sahifa va kanallarida tarqatilayotgani natijasida sudyaning xolisligi borasida turli shubhalar ehtimolini paydo qilmoqda», deyiladi xabarda.
Shuningdek, bayonotda ijtimoiy tarmoq faollaridan sudyaning bir necha kameralar qarshisida qaror oʻqishi jarayonida bitta sanani notoʻgʻri aytishi yoki undagi biroz hayajonga tushunish bilan munosabatda boʻlish soʻralgan. Bundan tashqari, Sudyalar oliy kengashi, kimningdir goʻyoki “uzun qoʻllari sudyagacha yetib borgan”iga oid taʼna va iddaolarga huquqiy baho berishga ehtiyoj mavjud, deb hisoblashi hamda bu borada vakolati doirasida lozim choralar koʻrishini taʼkidlagan.
“Yakunda alohida qayd etiladiki, ushbu bayonot qabul qilingan sud qarori boʻyicha Kengash nuqtayi nazari hisoblanmaydi. Shuningdek, undan (sud qaroridan) norozi tarafning yuqori sud instansiyasiga shikoyat berishiga ham monelik qilmaydi”, deya qoʻshimcha qilinadi rasmiy bayonotda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring