Jondorda Mahmud Torobiy nomidagi vatanparvarlik bogʻi ochildi
Jondor tuman markazida salkam besh gektar maydonni egallagan vatanparvarlik bogʻi barpo etilib, unga xalq qahramoni Mahmud Torobiy nomi berildi. Harbiy-vatanparvarlik oyligi tadbirlari doirasida shu oʻziga xos maskanning ochilish marosimi oʻtkazildi.
Oʻziga xos deyishimizning boisi bor. 3 milliard soʻmlik qurilish- taʼmirlash ishlari bajarilgan bu goʻshada harbiy-texnika vositalari — tank, zirhli transportyorlar, vertolyot, samolyot, turli kalibrli artilleriya qurollari oʻrin olgan. Koʻrgazmali vositalar oʻrnatilgan. Bogʻ toʻrida esa Mahmud Torobiy haykali qad rostlagan.
— Manbalardan bilamizki, 1238-yilda shu yaqin-atrofdagi qishloqlar aholisi Mahmud Torobiy boshchiligida moʻgʻul bosqinchilariga qarshi kurashga kirishganlar, — deydi mazkur haykal muallifi Qurbon Norxoʻrozov. — Ammo kuchlar teng boʻlmagan jangda ozodlik kurashchilari magʻlub boʻlishgan. Shogirdlarimiz bilan uni el- yurtning chinakam qalqoni qiyofasida tasvirlashga harakat qildik.
Bogʻning tantanali ochilish marosimida soʻz olgan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi B. Zaripov bu maskan yoshlarimizni vatanparvarlik, ona-yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashga katta hissa qoʻshishini, maqsad milliy qahramonlarimiz nomini abadiylashtirish ekanini taʼkidladi.
Darhaqiqat, tumanda bunday bogʻning barpo etilgani, Mahmud Torobiy nomi abadiylashtirilgani xayrli ish boʻldi. “Xalq soʻzi”ning rasmiy saytini kuzatib borayotganlar xabardor boʻlishsa kerak: Keyingi bir yarim yil oraligʻida saytimizda «Xalq qahramoni Mahmud Torobiy qalʼasiga munosabat shumi?”, «Jondorda «Qahramonlar xiyoboni bunyod etiladimi?” sarlavhali tanqidiy-tahliliy maqolalar chop etilgandi. Mahmud Torobiy nomidagi vatanparvarlik bogʻining ochilishi shu nuqtayi nazardan ayni muddao boʻldi. Shu bilan birga tuman markazi yaqinida Torobiy qalʼasi joylashganini, u tashqi taʼsirlar oqibatida yemirilib borayotganini eslatmoqchimiz. Bu goʻsha obodonlashtirilsa, restavratsiya qilinsa va sayyohlar tashrif buyuradigan maskanga aylantirilsa, buyuk ajdodlarimiz oldidagi yana bir qarzimizni uzgan boʻlur edik.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring