Jizzaxdagi sel oqibatlari bartaraf etilmoqda
Foto: Халқ сўзи
Joriy yilning 20-aprel kuni Jizzax viloyatining Forish, Baxmal, Gʻallaorol va Sharof Rashidov tumanlarining togʻ va togʻoldi hududlarida kuchli yogʻingarchilik natijasida sel keldi, koʻplab xonadonlar, chorva mollari, ekinlar, savdo va maishiy obyektlar, yoʻllar va aholi infratuzilmalariga jiddiy ziyon yetdi, insonlar oʻlimiga ham sababchi boʻldi.
Talofat koʻrgan hududlardan eng kattasi Forish tumanining “Egizbuloq” mahallasi boʻldi. Mahallaning yuqori togʻli hududidagi beshta soylardagi suvlar birlashib, kuchli sel oqimini hosil qilgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, togʻli hududlar va adirliklarda kuzatilgan kuchli yogʻingarchilik natijasida sodir boʻlgan sel oqimi mahallaning 260 ta xoʻjalik hududidan oqib oʻtib, 53 tasiga toʻliq zarar yetkazgan, shundan 44 tasi oʻrta va 163 tasi yengil darajada talofat koʻrgan. Sel oqimi kuchayishi natijasida 15-sonli umumtaʼlim maktabi va 9-sonli maktabgacha taʼlim muassasalarining birinchi qavatigacha suv kirib borgan. 1,5 kilometrdan ziyod ichki yoʻllarni sel qoplashi natijasida transport qatnovi vaqtincha toʻxtatilgan. 25 ta xonadonda yashovchi yuz nafardan ziyod aholi vaqtinchalik qarindoshlarinikiga koʻchirilgan. Mutaxassislarning hisob-kitobicha, bunday sel oqimi hududda 80 yillar oldin kuzatilgan.

Shu kuni Baxmal tumanining “Nurafshon” mahallasi hududida ham sel toshqini sodir boʻldi. Natijada 50 ga yaqin aholi xonadonining yertoʻlasi, hovlisi suvga toʻldi, ekin maydonlarga jiddiy zarar yetdi. Aholi yaqin qarindoshlarinikidan panoh topdi.
Shuningdek, Gʻallaorol tumanining “Jiydali”, “Korizquduq”, “Koʻkgumbaz”, “Xonimqoʻrgʻon”, “Qashqabuloq” va “Oqtosh” qishloq va mahalla fuqarolar yigʻinlari hududlarida ham sel oqimi kuzatildi. “Moltob” QFY hududidagi 8 ta uy hovlisiga, qoʻshimcha binolariga va tomorqasiga zarar yetkazdi.
Jizzax shahri va tumanlaridan aholi, tadbirkorlar seldan zarar yetgan hududlarda yashovchilar uchun oziq-ovqat, kiyim-kechak, koʻrpa-toʻshak, qurilish materiallari va boshqa kundalik zaruriy mahsulotlar yetkazib berishmoqda.
Ayni paytda “Egizbuloq”da sel oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha ishlar jadallik bilan olib borilmoqda. Jizzax viloyat hokimi Ergash Saliyev boshchiligida shtab tuzilib, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vakillari, harbiy xizmatchilar, viloyat va tumanlardagi tashkilotlardan koʻngillilar talofat oqibatlarini bartaraf etmoqda.
Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring