Jarimalar real daromadlarga mos boʻlishi kerak

20:28 15 May 2023 Siyosat
669 0

Parlament quyi palatasidagi OʻzXDP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida bir qator qonun loyihalari birinchi va ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ijara va lizing munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamalarga boy boʻldi.

Taʼkidlanganidek, mazkur qonun loyihasi ijara va lizing munosabatlaridagi qonunbuzilishi holatlarining oldini olish, shuningdek, ushbu sohada jismoniy va yuridik shaxslarning mulkiy huquqlari kafolatini taʼminlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, qonun loyihasi bilan keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga yoki lizingga berish bilan bogʻliq huquqiy munosabatlar takomillashtiriladi, avtotransport vositalarini ijaraga yoki lizingga berishdagi firibgarlik jinoyatlarining oldi olinadi, ijara yoki lizingga oluvchilarning mulk huquqlari kafolatlari taʼminlanadi.

Fraksiya aʼzolari yangi meʼyorlar partiya dasturiy maqsadlari va elektorati manfaatlariga xizmat qilishini taʼkidlab, ayrim fikr-mulohazalar bildirgan holda, qonun loyihasini maʼqullashdi.

Yigʻilishda “Maʼmuriy jarimalarni ijro etish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham koʻrib chiqildi.

Amaldagi qonunga koʻra, Majburiy ijro byurosining istalgan “ijrochi” maqomidagi hodimi maʼmuriy jazoga tortish vakolati borligi aholi orasida ayrim noroziliklar kelib chiqishiga sabab boʻlayotgan edi. Shuningdek, Majburiy ijro byurosi tomonidan qoʻllaniladigan maʼmuriy jarima miqdori undirilishi lozim boʻlgan summaga nisbatan nomutanosib ravishda bir necha karra yuqori belgilanishi mumkin. Bu esa aholining iqtisodiy holatini ogʻirlashtirishi tabiiy.

Mazkur qonun loyihasi bilan qoʻllaniladigan jarimaning miqdori ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan yuqori boʻlish mumkin emasligi nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasi Xalq demokratik partiyasining huquqlar va imkoniyatlar tengligi, ijtimoiy adolat gʻoyalariga mosligi alohida taʼkidlandi. Jarimalar miqdori aholining real daromadlariga muvofiq boʻlishi muhim ahamiyatga ega ekani qayd etilib, ushbu hujjat loyihasi deputatlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер