Jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmi
Yaqinda “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonun kuchga kirdi. Unda jamoatchilik nazorati sub’ektlari, ob’ekti, nazoratning asosiy prinsiplari va shakllari belgilangan. Ochig‘ini aytish kerak, bugungi kunga qadar davlat organlari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning aniq huquqiy mexanizmlari yo‘q edi. Bu esa nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan davlat organlari hamda mansabdor shaxslar faoliyatini xolisona baholashga xalaqit berib kelayotgandi. Yangi Qonun davlat va jamiyat boshqaruvida jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ta’sirchan hamda amaliy mexanizmlarini joriy qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Xo‘sh, xorijiy davlatlarda jamoatchilik nazoratining qanday samarali mexanizmlari ommalashgan? Muxbirimiz shular xususida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi Timur AHMEDOV bilan suhbatlashdi.
— Shuni ta’kidlash kerakki, xorijiy mamlakatlar qonunchiligida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish sub’ektlari, ob’ekti hamda shakllari turli huquqiy-me’yoriy hujjatlarda aks etgan, — deydi T. Ahmedov. — Faqatgina ayrim mamlakatlarda mazkur yo‘nalishda alohida qonun qabul qilingan. “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinishidan ko‘zlangan asosiy maqsad islohotlar jarayonida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va fuqarolar hamda fuqarolik jamiyati institutlarining shu yo‘nalishdagi rolini mustahkamlashdir.
Jamoatchilik nazorati tamoyillarini qo‘llagan holda yuzaga kelayotgan yangi mexanizmlardan biri ijtimoiy audit sanaladi. Ijtimoiy auditning maqsadi mahalliy davlat dasturlari bajarilishini monitoring qilish orqali davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga ko‘maklashishga qaratilgan. E’tiborli jihati, ijtimoiy audit, asosan, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan mutaxassislar va aholining keng qatlamini jalb etgan holda bajariladi. Bu borada tuzilgan guruhga ijtimoiy auditorlar maqomi beriladi.
— Ijtimoiy auditning qaysi turlari ommalashgan?
— Bugungi kunda xorijiy davlatlarda ijtimoiy auditning ikki turidan keng foydalaniladi. Birinchisi, ijtimoiy audit bo‘lib, Osiyo — Tinch okeani davlatlarida, ya’ni Koreya Respublikasi, Yaponiya hamda Hindistonda keng qo‘llaniladi. O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu mamlakatlarda ijtimoiy audit o‘tkazish, avvalo, tegishli ma’lumotlarni yig‘ishdan boshlanadi. Keyingi bosqichda mazkur ma’lumotlar tahlil qilinib, sharhlanadi. So‘ng xulosalar hamda tavsiyalarni o‘z ichiga olgan hisobot tayyorlanadi. Hisobot loyihasi ijtimoiy auditorlar tomonidan mas’ul bo‘lgan tashkilotlar bilan birga muhokama etiladi va uning natijalari keng jamoatchilikka taqdim qilinadi. Shu asosda davlat organlari hamda manfaatdor tashkilotlar o‘ziga tegishli xulosa chiqaradi. Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Hindistonda ijtimoiy audit mexanizmlaridan foydalanish natijasida hukumatning qashshoqlikka qarshi kurash dasturi samaradorligi 60 foizdan 97 foizgacha ko‘tarilgan. Bu ham mazkur mexanizmning amaliy ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi.
Skandinaviya davlatlari, Germaniyada ijtimoiy auditning boshqa shakli keng qo‘llanilmoqda. Bunda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarni, shu jumladan, ekologiya, iqtisodiy rivojlanish, kommunal xizmatlarda innovatsiyalarni joriy qilish va boshqa sohalarda jamoatchilik ekspertizasini o‘tkazish uchun maxsus platforma yaratishga alohida urg‘u beriladi.
Masalan, Germaniyada ijtimoiy auditni amalga oshirish uchun olimlar, siyosatshunoslar, huquqshunoslar, iqtisodchilar hamda sotsiologlardan iborat tadqiqot guruhi tuziladi. Ushbu jarayon ilmiy-tadqiqot markazlari va bundan manfaatdor bo‘lgan tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladi. Asosiysi, ijtimoiy audit natijalarining ommaviy axborot vositalari, siyosatchilar, davlat arboblari hamda keng omma uchun ochiqligidir.
— Ijtimoiy audit “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonunda ko‘zda tutilgan normalarga nechog‘li uyg‘un?
— Qonun ijtimoiy audit tamoyillariga mos keladi. Masalan, mazkur hujjatda ham jamoatchilik muhokamasi, monitoringi, ekspertizasi va jamoatchilik fikrini o‘rganish singari nazorat shakllari ko‘rsatib o‘tilgan. Qonunga asosan, shuningdek, davlat organlari jamoatchilik nazorati sub’ektlaridan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish to‘g‘risida hamda uning natijalari haqida axborot olishga, jamoatchilik nazorati natijalariga ko‘ra tayyorlangan yakuniy hujjatlarda ko‘rsatilgan takliflar va tavsiyalarga nisbatan asoslantirilgan e’tirozlarini jamoatchilik nazorati sub’ektlariga yuborishga, jamoatchilik nazoratini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishga haqli. Yakuniy hujjat axborot hamda tavsiya xususiyatiga ega bo‘lishi, unda bayon etilgan axborot, maslahat va takliflar davlat organlari tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqilishi hamda ular yuzasidan qonuniy qarorlar qabul qilinishi ko‘rsatib o‘tilgan. Bularning barchasi qonunchiligimizda belgilangan shakl va tamoyillar ijtimoiy audit o‘tkazish uchun uyg‘unligini ko‘rsatadi.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, ushbu Qonun fuqarolik jamiyati institutlari uchun nihoyatda ahamiyatlidir. Boisi “uchinchi sektor” hamda ommaviy axborot vositalari vakillarining islohotlar jarayoniga keng jalb etilishiga va davlat hamda jamiyat qurilishining samaradorligini ko‘tarishga imkon beradi. Bu esa demokratik taraqqiyotning asosiy tamoyillariga hamohang jarayondir.
Qobil XIDIROV
suhbatlashdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring