Jayronlar necha yil umr koʻrishadi?
Foto: Xalq so‘zi
Noyob jonzot sanalgan jayronlarning tabiat qoʻynida emin – erkin oʻtlab yurishlarini koʻrish juda maroqli. Buxoro viloyatidagi “Jayron” pitomnigida ayni damda ular soni 1 ming 203 boshni tashkil etadi. Jayronlar uchun faunasi boy boʻlgan 16 ming 522 gektar yer ajratilgan.
-Bu jonivorlar bir yilda bir bor bolalaydi,- deydi pitomnik direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Dilshod Tursunov.- Ular odatda 20-oktyabrdan 20-noyabrgacha qoʻshilishadi. Kamdan-kam holda uchta tugʻishi mumkin. Bolasi dunyoga kelganida 340-350 gramm atrofida boʻladi. Bilasizmi, jayronlar qoʻlga oʻrganmaydi, degan tushuncha bor. Bu notoʻgʻri. Agar jayron inson mehrini sezsa, odamdan choʻchimaydi. Masalan, biz chaqirsak, yonimizga keladi.
Aytishlaricha, jayron soatiga 70 kilometr tezlikda yugura oladi.Bu unga oʻz kushandalari taʼqibidan xalos boʻlishda asqatadi. Toʻgʻri, pitomnik hududi va undan tashqarida boʻrilar yoʻq. Ammo tulki, shoqol va hatto daydi itlar ham kiyikka hujum qilishi, uning umriga zomin boʻlishi mumkin.
-Choʻl –bepoyon. Shunga qaramay, jayronlarning oʻzlari yuradigan yoʻlaklari bor,- davom etadi D. Tursunov.- Ular nechogʻli nozik boʻlishmasin, qatʼiyatli sanalishadi. Mabodo, tashna boʻlib qolishsa, hattoki 30 kilometr yoʻl bosib boʻlsa ham, koʻl boʻyiga kelishlari va chanqoqliklarini qondirishlari mumkin. Bolalariga juda mehribon. Erkak jayronlar bolalari uchun oʻz jonlarini fido qilishga shay turishadi. Mabodo, qish – qirovli kunlarda ochlik xavf solgudek boʻlsa, sahroda uchragan oʻt – oʻlanni oʻzlari yemay, bolalariga ravo koʻrishadi. Shu boisdan erkak jayronlar urgʻochilariga nisbatan koʻproq nobud boʻladilar.
Bu masalaga alohida toʻxtalishimiz bejiz emas.Pitomnik hududi naqadar katta boʻlmasin, bu yerdagi yaylov holati ob-havoning qanday kelishiga bogʻliq. Bahorgi qurgʻoqchilik, qishning choʻzilishi jayronlar hamda bu yerda parvarishlanayotgan boshqa noyob hayvonlar uchun ozuqa muammosini paydo qiladi. Toʻgʻri, pitomnik jamoasi oʻz kuchi bilan yem- xashak jamgʻarmoqda. Lekin qoʻldan berganga qush toʻymas, degan gap bor. Viloyat masʼullari shu masalaga yechim topishsa, ona-tabiatni asrab – avaylash, noyob jonivorlarni koʻpaytirishdek xayrli ishga bosh qoʻshgan boʻlur edilar.
Aytmoqchi, jayronlar necha yil umr koʻrishadi? Mutaxassislarning taʼkidlashlaricha, tabiiy hududda ular 5 – 6 yil yashaydilar.Pitomnikda esa jayronlar 9 yilgacha umrguzaronlik qilishadi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi” .
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring