Yuz gʻazal – yuz javohir

14:38 13 Fevral 2023 Jamiyat
799 0

Foto: Xalq so‘zi

Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga oid 130 dan ortiq gʻazalni yod olish oson ish emas.

Qarshi tumanidagi 43-umumiy oʻrta taʼlim maktabining 9-sinf oʻquvchilari - Dilbar Qoʻldosheva hamda Dilbar Ahmadovalar esa bu ishni uddaladi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimi tomonidan tashkil etilgan “Yuz gʻazal – yuz javohir” tanlovining Qashqadaryo viloyat bosqichida Dilbar Qoʻldosheva 139 ta, Dilbar Ahmadova esa 136 ta gʻazalni yoddan aytib berib, barchaning eʼtirofi va hayratiga sazovor boʻlishdi.

— Tanlovda ulugʻ shoirlarimiz Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodidan eng koʻp gʻazal bilgan ishtirokchi gʻolib boʻlishi aytilgan edi, — deydi Dilbar Ahmadova. — Bunga qadar 100 ta gʻazalni yod olgan boʻlsam, tanlovga tayyorgarlik jarayonida yana 30 dan oshiq gʻazal yodladim.

Tanlovda Dilbar Qoʻldosheva va Dilbar Ahmadova 1-oʻringa sazovor boʻlgan boʻlsa, yuzga yaqin gʻazal yodlagan Shahrisabz tumanidagi 26-umumiy oʻrta taʼlim maktabining 8-sinf oʻquvchisi Zahro Noʻmonjonova 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Barcha gʻolib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom va kitoblar toʻplami topshirildi.

Jahongir BOYMURODOV.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер