Yoshlarga gʻamxoʻrlik — eng ulugʻ mukofot
Samarqand viloyatining Nurobod tumanida istiqomat qiluvchi Eshturdi Rahimov yoshlar kamolotiga, jamiyat farovonligiga katta hissa qoʻshib kelayotgan nuroniy inson. Otaxon yoshlar bilan ishlashda chuqur muloqot, amaliy yordam, hayotiy maslahatlar berishga harakat qiladi. “Oʻn nafar yoshga bir nuroniy” loyihasi doirasida u oʻziga biriktirilgan yoshlar bilan doimiy muloqotda boʻlib, ularni hayotga tayyorlash, maʼnaviy-axloqiy tarbiyasini mustahkamlash, jamiyatda munosib oʻrin egallashlariga yordam berib kelmoqda.
—Bugungi kunda Nurobod tumanida 44 432 nafar yosh yigit-qiz istiqomat qiladi,— deydi otaxon. — Ulardan 466 nafari uyushmagan toifadagi yoshlardir. Aynan shu toifadagi yoshlar bilan ish olib boryapmiz. Oʻgʻil-qizlarimizni ijtimoiy hayotga jalb qilishdek anchayin murakkab vazifani zimmamizga olganmiz. Bir hunarning boshini tutishga undash orqali farzandlarimiz qalbida mehnatga ishtiyoqni shakllantirishga harakat qilyapmiz.Albatta, hunarli boʻlish ularning jamiyatda oʻz oʻrnini topishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Tumanda 2017-yilda barpo etilgan muhtasham “Nuroniylar maskani”da kutubxona, dam olish, davolanish va jismoniy tarbiya zallari, oʻyin maydonchalari mavjud boʻlib, u faqat nuroniylar uchun emas, balki yoshlarning saboq olishi, maʼnaviy dunyoqarashini boyitishi uchun ham xizmat qilmoqda. Bu yerda tashkil etilgan “Nuroniylar maslahati” guruhi ijtimoiy barqarorlikni saqlash, oilalar muammolarini bartaraf etish, mahallalarda sogʻlom maʼnaviy muhitni yaratishga katta hissa qoʻshmoqda. Oxirgi yillarda 70 dan ortiq ajrimlarning oldi olingani, 160 dan ziyod oilada sogʻlom muhit tiklangani bunga misol boʻla oladi.
Eshturdi Rahimov “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni va III darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan boʻlib, bu yutuqlar ortida halol mehnat, sabr, fidoyilik va yuksak insoniylik yotadi. Ayniqsa, yoshlar bilan ishlashdagi faoliyati alohida eʼtiborga loyiq.
Shunday duogoʻy keksalarimiz bor ekan, yoshlarimiz toʻgʻri yoʻldan sira adashmaydi. Zero, oʻgʻil-qizlarga yelkadosh va gʻamxoʻr boʻlishning oʻzi eng ulugʻ mukofotdir.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV,
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring