Yoshlar hayotining eng joʻshqin va dilbar davri
“Talabalik – oltin davrim”, degan ibora bor. Chindan ham talabalik yoshlar hayotining eng dilbar, joʻshqin va ayni paytda muayyan qiyinchiliklarda toblanish, oʻz salohiyatiga ega boʻlish davri.
— Universitetimizning Talabalar turar-joyida “Eng namunali xona” va “Eng yaxshi qavat” tanlovini oʻtkazdik, — deydi Navoiy Davlat konchilik va texnologiyalari universitetining Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektori Jamoliddin Nazarov. — Tanlov gʻoliblarini aniqlashda talaba ixtiyoridagi xonalarning sarishtaligi, shaxsiy kutubxonasi va uning mundarijasi, badiiy adabiyotlar, xonaki gullar, yengil sport anjomlari mavjudligi inobatga olindi. Uning yakuni bilan oʻgʻil bolalar va qizlar oʻrtasida “eng namunali xona” sohiblari va “eng yaxshi qavat” egalari aniqlanib, rektorat tomonidan ragʻbatlantirildi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, universitetda bugungi kunda uch ming nafardan ortiq talaba yoshlar kunduzgi tartibda tahsil olishib, ularning 700 nafari Talabalar turar-joylarida istiqomat qilishadi. Yaqinda universitet hududida 400 oʻrinli 5 qavatli davlat xususiy sherikchilik asosidagi yangi yotoqxona qurib bitkazilib, shu kunlarda uni foydalanishga topshirishga tayyorgarlik koʻrilmoqda.

— Universitetimiz maʼmuriyati mazkur tanlov samarasidan kelib chiqib, uni ijara asosida yashayotgan talabalar oʻrtasida ham oʻtkazishni maqsadga muvofiq, deb topdi, — deydi NDKTU matbuot xizmati rahbari Ozodbek Mustafoyev. — Mazkur tadbir ijara shartnomasi asosida talaba yoshlarimizni oʻz bagʻriga olgan xonadon sohiblari uchun ham oʻziga xos sinov boʻlishi shubhasiz.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring