Yoshlar dunyoqarashini oʻzgartirgan oʻn kun

14:34 04 Mart 2020 Jamiyat
982 0

Respublikamizda yoshlarga eʼtibor har doimgidan ortib bormoqda. Ularning bilim olishlari, iqtidorini, qobiliyatini ifoda etishlari uchun barcha sharoitlar yaratilyapti. Andijon viloyatida “Kelajak bugundan boshlanadi, biz yoshlarimizga ishonamiz!“ shiori ostidagi loyihaning amalga oshirilishi bu boradagi ijobiy ishlar ifodasidir. Loyihaning birinchi bosqichida mavjud 7 nafar viloyat hokimining oʻrinbosarlari, tuman va shahar hokimlari va ularning oʻrinbosarlari vazifasiga oʻn kun muddatga yoshlar vakillari tayinlangan edi.

Bu kabi tashabbus yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular orasidan yetuk kadrlarni tanlab olish va tayyorlashga xizmat qiladi. Zero, davlatimiz rahbari 2019-yilning 27-dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda boʻlib oʻtgan yoshlar bilan uchrashuvi jarayonida: “Yoshlar orasida “Men Sizning yoningizda turib, kamarbasta boʻlaman!” deb koʻzi yonib turgan, bilimli, jasoratli yigit-qizlar borligiga ishonaman. Yetakchilikning, oʻz ortidan ergashtirishning eng toʻgʻri yoʻli shaxsiy oʻrnak va namuna boʻlishdir”, – degan edi.

Andijon viloyatida yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan loyihaning ikkinchi bosqichi oʻz yakuniga yetdi. Unda ishtirok etgan 253 nafar boʻlgʻusi tibbiyot xodimlari viloyatdagi mavjud tibbiyot muassasalarida vaqtinchalik rahbarlik vazifasida faoliyat yuritdilar. Natija qanday? Loyihadan koʻzda tutilgan maqsadga erishildimi?

-Otam shifokor boʻlgani bois uning mashaqqatlarini yaxshi bilaman, -deb oʻylar edim,-deydi Andijon shahar Tibbiyot birlashmasi boshligʻi vazifasida amaliyot oʻtagan Abdulazizi Soliyev. –Shu sabab tibbiyot institutiga kirib, oʻqimoqdaman. Biroq, mana shu oʻn kun mening hayotimni tubdan oʻzgartirib yubordi. Boisi, orzu-havas, oʻqish boshqa, ish, hayot boshqa ekan. Shu kunlarda xayol-fikrlarim ostin — ustun boʻlib ketdi. Shifokorlik egniga oppoq xalatni kiyib olib, bemorlarning sogʻligini nazorat qilishdangina iborat emas ekan. Endi men aniq bilaman, bu kasb egalari har kuni kitob oʻqishi, bilimini boyitishi, bemorlarni his qilishi, ularning dardini oʻz dardidek qabul qila olishi kerak ekan.

-Bosh shifokorlik halovatidan kechib, oʻzgalar manfaati uchun xizmat qilish ekan,-deya suhbatni davom ettiradi Asaka tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori vazifasini vaqtincha boshqargan Hojiakbar Iminov. –Shifokorlar tungi 1:00 boʻladimi, tonggi 4:00 boʻladimi, har doim, har daqiqada sergak boʻlishi, uyqusidan kechib bemor uchun yordamga shay holatda turish, degani ekan. Dunyoda bir nafar bemor qolsa ham bilingki, shifokorning xotirjam uxlashga haqqi yoʻq ekan. U nafaqat, shifoxonada davolanayotgan, balki uyiga ruxsat berib yuborilgan bemorning ham salomatligiga masʼul.

Koʻrib turganingizdek, atiga oʻn kunlik faoliyat boʻlajak shifokorlarning dunyoqarashini, tibbiyot sohasiga oid tushunchalarini mutlaqo oʻzgartirib yubordi. Endi ular yaxshi biladi, kelgusida ushbu sohada qanday faoliyat yuritish kerakligini. Aslida loyihadan koʻzda tutilgan maqsad ham shu edi.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер