Yashil makon: Gulzorga burkangan maktablar

12:55 07 Oktyabr 2024 Jamiyat
490 0

Ahmadali ShERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Shu kunlarda Boyovut tumanidagi Kiyiktepa qishlogʻidan oʻtgan borki, 44-umumtaʼlim maktabi ostonasidagi ulkan qizil gilamdek tovlanib turgan gulzor goʻzalligidan hayratlanmay qolmaydi.

– Har yili bir qarich ham yerni boʻsh qoldirmaymiz, – deydi maktab direktori Oʻrozali Boyqoʻziyev. – Koʻklamdan kech kuzgacha bogʻimizdan meva arimaydi. Unda tut, gilosdan tortib behigacha bor. Koʻchatchilik maydonchamizda oʻstirgan nihollarni atrofdagi mahalla va xonadonlarga ham beramiz. Maktab hududidagi bunday yashillik oʻquvchilarning tabiatga mehrini oshirib, bogʻdorchilik haqidagi tasavvurlarini hamda botanika, biologiya singari fanlardan olgan bilimlarini boyitmoqda.

Sirdaryo viloyatida bogʻu gulzorlarga burkangan ana shunday taʼlim muassasalari koʻp. Xususan, Guliston shahridagi Sirdaryo ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internatidagi gulshanlar ham ushbu taʼlim maskanining nomiga mos, sanʼatkorona did bilan yaratilgan. Oʻnlab chechaklar shunday joylashtirilganki, ular bir joyda oʻrtasi sariq, hoshiyasi qizil yo pushti poyandozni eslatsa, boshqa joyda rango-rang yulduzlardek yashnab yotibdi.

– Gulzorlarimizning goʻzalligi, ayniqsa, undagi ranglar jilosi oʻquvchilarimizning tasviriy sanʼatda tabiatning beqiyos oʻrnini chuqur anglashlari va umuman, badiiy-estetik dunyoqarashini kengaytirishga ham xizmat qilmoqda, – deydi Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi aʼzosi, Sirdaryo ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internati direktori, “Shuhrat” medali sohibi Bahodir Bobonazarov.

Albatta, har qanday bogʻ va gulzor ham bogʻbonning mehri qoʻshilgan mehnati bilan bunyod boʻladi. Shu maʼnoda, umumiy oʻrta taʼlim maktablari va va umuman, barcha idoralar, tashkilotlar hovlisida bogʻlar, gulzorlar yaratishni yanada kuchaytirish maqsadida “Eng yaxshi maktab bogʻboni”, “ Eng yaxshi ofis bogʻboni” singari tanlovlar tashkil etilsa foydali boʻladi, degan taklif bildirishni joiz topdik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер