Yangilanayotgan Konstitutsiya mazmun-mohiyati muhokamasi
Surxondaryo viloyati Denov shahrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri ishtirokida Konstitutsiyamizga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar mazmun-mohiyatining muhokamasiga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi.
Mazkur tadbirda Qonunchilik palatasi deputatlari, Denov, Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Shoʻrchi tumani deputatlari, taʼlim, tibbiyot muassalari hamda mahalla faollari ishtirok etdilar.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar Asosiy qonunimizning yangi tahririni tayyorlash jarayoni ochiq va shaffof oʻtgani, xalqimizning fikri, xohish-irodasi aks ettirilgani, oxirgi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar ruhi ifodanganligi, eng asosiysi, inson himoyasi va qadrini bayon etadigan muhim hujjat ekanligini taʼkidladilar.
Oʻgʻiloy XIDIROVA, Xalq deputatlari Denov tumani Kengashi deputati, nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotining rahbari:
— Mamalaktimizdagi islohotlar natijasida sodir boʻlayotgan oʻzgarishlar yaqqol sezilmoqda, maktabgacha taʼlim rivojlanishiga boʻlayotgan eʼtibor natijasida 100 oʻrinli bogʻcha tashkil qildik va 23 kishini ish bilan taʼminladik. Konstitutsiyamizda maktabgacha taʼlimga alohida oʻrin berilganligidan mamnunmiz.
Mastura MAʼMURJONOVA, Xalq deputatlari Uzun tumani Kengashi deputati, Uzun tumanidagi 4-sonli umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi:
— Men 35 yil xalq taʼlimida, 13 yil mahalla tizimida ishladim. Mahallaga rais ham boʻldim. Bugungi kunda mahallalarga muhtaram Yurtboshimiz tomonidan koʻplab imkoniyatlar berilmoqda. Bular jumlasiga mahallada tashkil etilgan “beshlik”, shu bilan birga, mahallalarning oʻz mablagʻiga ega boʻlishi hamda soliq tushumlarining maʼlum bir qismi mahalla ixtiyorida qoldirilishi kabi islohotlar mahalla institutining samarasini oshirmoqda. Yangi Konstitutsiya loyihasida men kelajakni ham koʻryapman. Farzandlarimizni uy-joy bilan taʼminlash, taʼlim olishlari uchun barcha shart-sharoitlar va imkoniyatlar yaratish hamda boshqa ijtimoiy kafolatlar qonun bilan belgilab qoʻyilmoqda. Referendum bizning kelajak taqdirimizni belgilaydi, xalqimiz uning ahamiyatini tushunib yetmoqda. Oʻylaymanki, xalqimiz referendumda faol ishtirok etadi va bu bilan islohotlarimizni ham qoʻllab-quvvatlaydi.
Yazzon XAITQULOV, Mehnat faxriysi, xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi:
— Konstitutsiyada Oʻzbekiston ijtimoiy davlat ekanligi alohida belgilanmoqda. Bu toʻgʻri, chunki Prezidentimiz ijtimoiy yordamga muhtoj odamlarga gʻamxoʻrlik qilishga alohida eʼtibor qilmoqdalar. Savobni har kim, har kuni qilishi kerak, uning chegarasi yoʻq. Bizda inson himoyalanganini oʻz hayotida sezib turibdi. Hozirda iftorliklar mahallalarda oʻtkazilmoqda. Birorta yordamga ehtiyojmand odam eʼtiborsiz qolmayapti. Konstitutsiyamizdagi yangiliklar mazmuni va ahamiyatini tushuntirish borasidagi ishlar keng miqyosda olib borilmoqda. Albatta, Referendum qanchalik muhim ekanini xalqimiz anglayapti va biz koʻtarinki kayfiyatda bu siyosiy tadbirni oʻtkazamiz.
Oydin JOʻRABEKOVA, Xalq deputatlari Sariosiyo tumani Kengashi deputati:
— Konstitutsiyada qoʻshni davlatlar bilan hamkorlik, oʻzaro bir-birini qoʻllab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosidagi doʻstona munosabatlarni mustahakamlashga oʻrin berilgan. Bu juda toʻgʻri. Prezidentimiz oxirgi yillarda qoʻshni davlatlar bilan aloqalarni tiklashga alohida eʼtibor berdilar. Tojikiston bilan chegaradosh boʻlgan bizning tumanimiz aholisi bu siyosatdan oʻta mamnun. Qoʻshnichilik munosabatlari tiklandi. Biz mamlakatimizdagi tinchlikni qadrlashimiz kerak va shu tinchlikni taʼminlashning muhim huquqiy asosi – Konstiutsiyamizni toʻla qoʻllab-quvvatlaymiz.
Shamsiddin ORIPOV, Xalq deputatlari Sariosiyo tuman Kengashi deputati, mehnat faxriysi:
— Konstitutsiyamiz zamondan orqada qolib ketmasagina, u shiddat bilan olib borilayotgan islohtlarimizning Bosh huquqiy asosi boʻlib xizmat qila oladi, tinch va osuda hayotimizning kafolati boʻla oladi. Yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasiga koʻra, hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish amaliyoti tugatilib, kengashlarga hokimdan boshqa mustaqil boʻlgan alohida Kengash raisi rahbarlik qilishi belgilanmoqda. Sodda qilib aytganda, endilikda xalq saylagan deputatlar hokim faoliyatini bevosita va xolisona nazorat qilish imkoniyatiga ega boʻladi. Konstitutsiyada Davlat hokimyati idoralarining vakolatlari ham jiddiy koʻrib chiqilmoqda. Har uch hokimiyat ishida oʻzgarish boʻladi va bu ishlar, albatta, inson manfaatiga xizmat qiladi.
Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda soʻnggi yillarda turli sohalardagi islohotlar va ularning natijalari haqida ham axborot berildi.
Qonunchilik palatasi deputatlari Denov tumanidagi fermer xoʻjaligida boʻlib, fermerlar vakillari bilan uchrashdilar. Qishloq xoʻjaligi sohasidagi imkoniyatlar, yerdan unumli foydalanish, aholining daromadlarini oshirish borasidagi olib borilayotgan ishlar bilan tanishdilar. Fermer va dehqon xoʻjaliklari rahbarlari Konstitutsiyada mulk huquqini kafolatli himoya qilish sohasidagi qoidalarni maʼqulladilar.
Shuningdek, Qonunchilik palatasi deputatlari Denov tumanidagi 82-sonli oʻrta taʼlim maktabida pedagog xodimlar bilan Konstitutsiya mazmun-mohiyati yuzasidan uchrashuv ham oʻtkazdilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring