Yangilanayotgan Konstitutsiya aholi manfaatlariga xizmat qiladi
I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali akademik litseyida yangilanayotgan Konstitutsiyaning insonlar hayotida tutgan oʻrni, unga kiritilayotgan yangi normalar va ularning ahamiyatiga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi.
Mahalla faollari, jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Oydin Abdullayeva yangilanayotgan Bosh qomusimiz haqida batafsil maʼlumotlar berdi.
Taʼkidlanganidek, Konstitutsiya – davlatning Asosiy qonuni boʻlib, shaxs, jamiyat va davlatning oʻzaro munosabatlarini tartibga soladi. Har qanday meʼyoriy-huquqiy hujjat qonun, farmon, qaror yoki boshqa boʻladimi avvalambor Konstitutsiyaga asoslanadi.
Yangilanayotgan Konstitutsiyada davlat fuqarolarning bandligini taʼminlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻrishi mustahkamlanmoqda. Qolaversa, davlat fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qayta tayyorlanishini tashkil etishi hamda ragʻbatlantirishi belgilanmoqda.
— Ushbu kiritilayotgan yangi norma ish bilan taʼminlanmagan fuqarolarni kambagʻallik holatiga tushib qolishining oldi olishga yoki kambagʻallik toifasiga kirib qolgan fuqarolarni undan chiqarish boʻyicha davlat tomonidan tegishli choralar koʻrilishiga konstitutsiyaviy kafolat sifatida xizmat qiladi, — deydi O.Abdullayeva.
Yana bir muhim norma: agar shaxsning oʻz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi kafolatlanmoqda. Bu hol jinoyat boʻyicha haqiqatni aniqlash, shuningdek, aybsiz insonlarning javobgarlikka tortilishini oldini olishga, ayni paytda, jinoyat sodir etgan haqiqiy aybdor shaxs yoki shaxslarni aniqlashga xizmat qiladi.
Tadbir ishtirokchilari kiritilayotgan yangi normalarni eʼtirof etib, bergan savollariga atroflicha javoblar olishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring