Yangiyoʻlda sartarosh yigit pichoqlab oʻldirildi
Toshkent viloyati Yangiyoʻl shahrida sartarosh pichoqlab oʻldirildi. Bu haqda “Millar” koʻrsatuvida xabar berildi.
Maʼlum qilinishicha, voqea joriy yilning 11-aprel kuni kechki payt Yangiyoʻl shahrida sodir boʻlgan. Sartaroshlik bilan shugʻullangan yigit koʻchadagi baqir-chaqirni eshitib tashqariga chiqqan va shovqin koʻtarayotgan yoshlar oʻrtasidagi janjalni tinchlantirmoqchi boʻlgan.
Biroq masala jiddiylashib, uning oʻzi ham yigitlardan biri bilan tortishib qolgan. Shundan soʻng, ortiga qaytib ishini davom ettirgan. Oradan bir muddat oʻtib, sartarosh havo almashtirish uchun tashqariga chiqqan paytida pichoqlangan. Jabrlanuvchi shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Yangiyoʻl shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam oʻldirish ) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Gumonlanuvchi qoʻlga olinib, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring